“Toshkent-Xorgos” va “Toshkent-Petropavlovsk” yo‘nalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi
Xorijiy davlatlarga chiqayotgan fuqarolarga va yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ularni manzillariga o‘z vaqtida hamda xavfsiz yetkazib qo‘yishni tashkil etish maqsadida Transport vazirligi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, deyiladi vazirlikning axborot xizmati xabarida.
Hususan, joriy yilning 25 sentyabridan e’tiboran qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Xorgos va Petropavlovsk shaharlariga muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur yo‘nalishlarda “Uzautotrans Service” korxonasi zamonaviy “Yutong” avtobuslarida xizmat ko‘rsatadi.
“Toshkent-Xorgos” yo‘nalishining umumiy masofasi 1235 kilometrni tashkil etadi. Qatnovlar haftaning dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Avtobuslar “Toshkent” avtovokzalidan soat 10:00 da yo‘lga chiqadi. Chipta narxi - 200 000 so‘m.
“Toshkent-Petropavlovsk” yo‘nalishida esa qatnovlar kun ora amalga oshiriladi. Avtobus “Toshkent” avtovokzalidan soat 19:00 da jo‘nab ketadi. Mazkur qatnovning yo‘nalish masofasi 2150 kilometr bo‘lib, chipta narxi - 337 000 so‘m.
Shuningdek, “Uzautotrans Service” korxonasi 24 sentyabrdan e’tiboran “Toshkent-Qozon”, “Toshkent-Nur-Sulton” va “Toshkent-Xo‘jand” yo‘nalishlarida ham muntazam qatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi.
“Toshkent-Qozon” yo‘nalishi bo‘yicha qatnovlar haftaning seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Avtobus soat 11:00 da “Toshkent” avtovokzalidan jo‘nab ketadi. “Toshkent-Qozon” xalqaro avtobus yo‘nalishining masofasi 2651 kilometr bo‘lib, yo‘lkira haqi - 500 000 so‘mni tashkil etadi. Safar davomida avtobuslar O‘zbekistonning “G‘isht ko‘prik”, Qozog‘iston Respublikasining “Jibek Jo‘li” va “Jaysan” hamda Rossiya Federatsiyasining “Sagarchin” chegara bojxona postlaridan o‘tadi.
“Toshkent-Nur-Sulton” yo‘nalishida qatnovlar kun ora amalga oshiriladi. 1646 kilometrga teng mazkur masofani avtobuslar 27 soat 30 daqiqada bosib o‘tadi. Ushbu yo‘nalishda chipta narxi - 220 000 so‘m.
“Toshkent-Xo‘jand” yo‘nalishida qatnovlar har kuni amalga oshiriladi. Avtobuslar “Toshkent” va “Xo‘jand” avtovokzallari o‘rtasidagi Nurafshon, Bo‘ka shaharlari orqali harakatlanib, “Oybek” va “Fotehobod” nazorat o‘tkazish punktlaridan o‘tadi. Ushbu yo‘nalish masofasi 174 kilometrga teng bo‘lib, chipta narxi - 50 000.
Ayni damda yuqoridagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalar sotuvi boshlangan. Chiptalarni “Toshkent” avtovokzali kassalaridan xarid qilish mumkin.