Toyloqda 96 oila Yangi yilni yangi uyda kutib oladi

Yangi yil bayrami arafasida Toyloq tumani Charog‘bon mahallasida 96 xonadondan iborat 4 ta to‘rt qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Kam ta’minlangan oilalar, nogiron, og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan ayollarga imtiyozli shartlar asosida berilgan uylarni o‘z egalariga topshirishga bag‘ishlangan marosimda viloyat hokimining o‘rinbosarlari G.Alimova va R.Qobilov, Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarov ishtirok etdi.

– Ikki nafar farzandim bor, – deydi yangi uy egalaridan biri Gulnoza Tursunova. – O‘g‘lim tug‘ma nogiron. Shu sababli turmushimdan ajrashganman. O‘n bir yildan buyon onamning uyida yashar edim. Farzandlarim bilan kichik bo‘lsa ham o‘z uyimiz bo‘lishini, hech kimga, yaqinlarimizga ham og‘irimiz tushmay yashashni orzu qilardik. Allohga shukr, Prezidentimizning g‘amxo‘rliklari, e’tibori tufayli niyatimizga yetdik.

Yangi uyga ko‘chib o‘tgan 20 nafar og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarga uylarning boshlang‘ich to‘lovlari xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi fond tomonidan to‘lab berildi.

Alisher ISROILOV.