Toyloqlik fuqaro 30 ming dona paqildoq sotayotganda ushlandi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi, viloyat Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Toyloq tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Natijada, fuqaro A.X. o‘ziga tegishli bo‘lgan, umumiy qiymati 6 million so‘mdan ziyod “Britanik” yozuvli, jami 30 ming dona pirotexnika vositalarini sotmoqchi bo‘lgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Darvoqe, shu kunlarda pirotexnikalarning oldi-sotdisiga qarshi mutasaddilar tomonidan muntazam reydlar o‘tkazib kelinayapti. Agar bu yo‘lda birgalikda kurashilmasa, qilinayotgan ishlar samara bermaydi. Eng katta mas’uliyat, albatta ota-onalarda bo‘ladi. Ular farzandlarini paqildoqdan ehtiyot qilishsa, bayram tashvishsiz o‘tadi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.