Toyloqlik fuqaro noqonuniy qurgan molxonasini o‘zi buzyapti

Joriy yilning 3 mart kuni Zarnews.uz telegram kanalida “Toyloq tumani hokimligi, qurilish bo‘limi hamda yo‘llardan foydalanish korxonasi mutasaddilari e’tiboriga” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.

Unda Toyloq tumanining Zarafshon mahallasi, Mirzapolvon qishlog‘i ko‘chasida fuqaro noqonuniy molxona qurib olgani, o‘zboshimchalik bilan qurilgan ushbu inshoot ko‘cha yo‘lida harakatlanishda noqulayliklar tug‘dirayotgani, bu holat aholi, ayniqsa, maktabga qatnovchi o‘quvchilar uchun piyodalar yo‘lagi barpo etish ishlariga ham to‘sqinlik qilayotgani tanqid ostiga olingan.

Mazkur holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilganda, chindan ham Mirzapolvon qishlog‘ida yashovchi fuqaro Q.H. aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalariga zid holda, o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi mahalliy yo‘l hududidan o‘lchami 45 metr kvadrat maydonda, noqonuniy ravishda molxona binosi qurib olgan. Mazkur binoni o‘z ixtiyori bilan buzish uchun fuqaro Q.H.ga 15 kun muddat berildi va belgilangan muddatda bino buzilmasa, tegishli tartibda chora ko‘rish maqsadida FIB Toyloq tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritilishi bo‘yicha ogohlantirilgandi.

Fuqaro Q.H. xo‘jaligidagi qoramollarni saqlash uchun boshqa joyi yo‘qligini, kunlar isishi bilan o‘zboshimchalik bilan qurilgan molxona binosini o‘z ixtiyori bilan buzishini og‘zaki ma’lum qilgan edi.

Ayni paytda fuqaro Q.H. mazkur binoni o‘z hisobidan buzish ishlarini amalga oshirmoqda.

Toyloq tumani hokimligi axborot xizmati.