Tramp: Bayden ma’muriyati bir yil ichida mamlakatni vayron qildi

“AQShning hozirgi ma’muriyati mamlakatimizni bir yil ichida vayron qildi”, dedi Tramp Milliy Respublikachilar Senatorlik qo‘mitasining “Red Zone” podkastida.

Amaldagi prezident Jo Baydenning “muvaffaqiyatsizligi” qatorida Tramp AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan tartibsiz olib chiqilishi, inflyasiya o‘sishi, chegaradagi notinchlik va Qo‘shma Shtatlardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni sanab o‘tdi.

"Ko‘p narsa shunchalik dahshatliki", dedi Tramp va inflyasiya boshqalar qatori noto‘g‘ri energiya siyosatining natijasi ekanligini ta’kidladi. "Biz energetikada mustaqil edik, endi esa OPEKka, Rossiya va boshqa «o‘yinchi»larga murojaat qilmoqdamiz, bu bizning mamlakatimiz uchun chidab bo‘lmas vaziyat", dedi AQSh sobiq prezidenti.

Tramp 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida demokrat Jo Baydenga yutqazdi, biroq u 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashishini rasman e’lon qilmagan bo‘lsa-da, mag‘lubiyatni tan olmaydi va bu imkoniyatni ham inkor etmaydi.