Tramp lavozimini tark etishdan oldin oila a’zolarini afv etishga qaror qildi

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimini tark etishidan oldin atrofidagi bir necha kishini afv etishi mumkin. Bu haqda CNN telekanali ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra, ushbu imkoniyatni u yordamchilari bilan muhokama qilishga tayyor. Afv etiladigan nomzodlar orasida prezidentning oila a’zolari - Trampning maslahatchilari bo‘lgan qizi Ivanka va uning eri Jared Kushner ham bor. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Amerika amaldagi rahbari demokrat Jozef Baydenning yangi ma’muriyati davrida u va unga yaqin bo‘lganlar ta’qib qilinishidan xavotirda.

Lekin Tramp ushbu shaxslarga aynan qanday ayblovlar qo‘yilishidan xavfsirayotgani haqida aytilmagan. Materialdan tushiniladiki, prezidentga yaqin bo‘lganlar Amerika rahbari tomonidan oldindan afv etilsa, keyinchalik ularning jinoiy javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga ishonishadi.

Shu bilan birga, AQSh prezidentining ba’zi maslahatchilari «u o‘zini ham oldindan afv etishi mumkin», deya hisoblashadi. Manbalardan biri AQShning 38-prezidenti Jerald Ford o‘zidan avval davlatni boshqargan Richard Niksonni afv etganini eslatdi. Biroq Tramp o‘zini o‘zi avf eta olmaydi, deya fikr bildirmoqda amerikalik siyosatshunoslar.

Ilgari AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka otasi davlat rahbari lavozimini tark etganidan keyin siyosiy karerasini boshlash niyatida ekani haqida xabar berilgan edi. Ayni paytda u otasining maslahatchisi lavozimida turib, respublikachilar partiyasi doirasida nufuzini kuchaytirishni yoki boshqa biror siyosiy lavozimga ko‘tarilishni ko‘zlamoqda. U prezidentlikka da’vo qiladimi yo‘qmi, degan savolga hozircha javob berishga shoshilmayapti.