Tramp: urushni to‘xtatish uchun Ukraina Rossiyaga hududining bir qismini berishi kerak
Amerika Qo‘shma Shtatlarining 45-prezidenti Donald Tramp Reuters agentligiga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Vagner ChVK" isyoni tufayli "biroz zaiflashgani" va Qo‘shma Shtatlar Rossiya hamda Ukraina o‘rtasida tinchlik uchun muzokaralarda vositachi bo‘ladigan vaqt kelganini aytdi.
"Men ushbu bema’ni urushda odamlar o‘limiga barham berilishini istayman", dedi Tramp.
Unga ko‘ra, Ukraina rasmiylari urushni to‘xtatish uchun hududning bir qismini Rossiyaga berishga majbur bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Tramp o‘z yerlarini himoya qilayotgan ukrainaliklar “katta maqtovga loyiq” ekanini ta’kidlagan.
O‘ylaymanki, ular (ukrainaliklar) o‘zlari ishlab topganining katta qismini o‘zlarida saqlashga haqli va Rossiya ham bunga rozi bo‘ladi deb o‘ylayman. Bizga to‘g‘ri vositachi yoki muzokarachi kerak, lekin unaqasi hozir bizda yo‘q. Menimcha, AQSh hozir qilishi kerak bo‘lgan eng muhim narsa bu tinchlik, Rossiya va Ukrainani birlashtirish va tinchlik o‘rnatishdir. Siz shuni qila olasizmi? Ikki tomonni birlashtirish va tinchlik o‘rnatish vaqti keldi.
AQShning sobiq prezidentining ta’kidlashicha, agar Putin Rossiya Federatsiyasi rahbarligida qolmasa, uning o‘rnini kim egallashi aniq emas, muqobil “yaxshiroq yoki battarroq bo‘lishi mumkin”.
Ukraina hukumati urushni tugatishning asosiy sharti Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududidan olib chiqilishi deb hisoblamoqda. Qo‘shma Shtatlar Rossiya qo‘shinlarini "Ukraina suveren hududi"dan olib chiqib ketish tarafdori. Rossiya rasmiylari avvalroq tinchlikka erishish uchun Ukraina hukumati “yangi hududiy voqelikni”, ya’ni Ukraina hududlarining bir qismi anneksiya qilinishini tan olishi kerakligini ta’kidlagan edi.
2017-2021 yillarda AQShni boshqargan Donald Tramp 2024 yilgi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lishni rejalashtirmoqda. Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlar orasidagi so‘rovlarda Tramp yetakchilik qilmoqda.