Tramp Xitoy kompaniyalariga qarshi yangi cheklovlar joriy etdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy harbiylariga aloqasi bo‘lgan har qanday kompaniyalarga qarshi yangi cheklovlar joriy etdi. Bu haqda Lenta.ru nashri xabar berdi.

Yangi hujjatga binoan, 2021 yilning 11 yanvar sanasidan e’tiboran AQSh fuqarolari va kompaniyalariga Xitoy harbiylariga aloqasi bo‘lgan har qanday firma va kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlarini xarid qilish taqiqlanadi. Farmon matnida Xitoy o‘z qurolli kuchlari va razvedka xizmatlarini modernizatsiyalashga yordam berish uchun Amerika kapitalini tobora ko‘proq egallab olayotganligi ta’kidlangan. Shuningdek, bu holat Xitoyga AQSh va uning xorijdagi kuchlariga, ommaviy qirg‘in qurollariga, zamonaviy qurollarni ishlab chiqarish ishlariga va Amerika xalqiga qarshi kiber hujumlar uyushtirish orqali tahdid solishga imkon berishi aytilgan.

Avvlroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen Xitoyni Gonkong bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga amal qilmayotganlikda ayblab, yangi sanksiyalar joriy etilishiga va’da bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy kommunistik partiyasi Xitoy–Britaniya qo‘shma deklaratsiyasi shartlarini va Gonkong xalqiga bergan va’dalarini, shu jumladan, qonunga muvofiq xalqaro majburiyatlarini ochiqdan-ochiq buzgan.