Tramp Xitoydan darg‘azab bo‘lyapti: "Ular hali buning tovonini to‘lashadi"

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtadagi savdo bitimining buzilishida Xitoyni ayblayapti.

U endi Xitoydan AQShga import qilinayotgan barcha mahsulotlar bojini 10 foizdan 25 foizga ko‘tarishini ma’lum qildi. Oldinroq, 10 maydan ma’lum turdagi mahsulotlarga boj oshirilishi e’lon qilingan edi. Endi esa Tramp Xitoydan AQShga kirib kelayotgan barcha mahsulotlar uchun boj to‘lovini 25 foizga oshirishi bilan po‘pisa qilyapti.

Oldinroq ommaviy axborot vositalarida AQSh va Xitoy yangi savdo kelishuvlariga yaqin ekanining xabarini berishgan edi. Buni Trampning o‘zi ham "muzokaralar muvaffaqiyatli davom etayapti" deb tasdiqlagandi. Ammo, hozircha ommaga oshkor qilinmagan sabablarga ko‘ra, muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Bu haqda Florida shtatida omma oldida chiqish qilgan Trampning o‘zi ma’lum qilgan. "Savdo muzokaralarimiz boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, bunga esa Xitoy tomoni aybdor. Endi ular buning tovonini albatta, to‘lashadi" degan Tramp.