Transport boshqarmasi avtobuslar qisman yoqilg‘i bilan ta’minlanayotganidan xabar berdi va taksi haydovchilarini yo‘lkira haqini oshirmaslikka chaqirdi
Keyingi kunlarda ob-havoning keskin sovib ketishi oqibatida aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida cheklovlar o‘rnatildi. Bu o‘z navbatida shahar jamoat transporti harakatida ham to‘xtalishlarga sabab bo‘ldi.
"Vakolatli organlar bilan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida shahar avtobus yo‘nalishlarida harakatlanuvchi transport vositalari qisman yoqilg‘i bilan ta’minlandi.
Bugun, 16 yanvar kuni Samarqand shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida harakatlanuvchi avtobuslarning 30 foizi yo‘lovchilar xizmatiga chiqarildi. Vaziyatdan kelib chiqib, oraliq intervallarni cho‘zilishi, ba’zi yo‘nalishlarda avtobus yetishmasligi yuzaga kelganligini bildiramiz.
Boshqarma yo‘lovchilarga transport xizmatini ko‘rsatuvchi yo‘nalishsiz taksi haydovchilarini yo‘lkira narxlarini keskin oshirmaslikka chaqiradi", deyiladi viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati xabarida.