Triatlon: Jahon kubogi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
18 may kuni Samarqand shahrida triatlon va paratriatlon bo‘yicha "World Trathlon Cup Samarkand - 2024" va "World Trathlon Para Cup Samarkand - 2024" jahon kubogi musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionati bellashuvlari o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan bugun, 16 may kuni Samarqand shahrida joylashgan "Hilton Regency" mehmonxonasida xalqaro musobaqalar oldidan tashkilotchilar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari va keng jamoatchilik uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Xalqaro Triatlon federatsiyasi va O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi rahbariyati, shuningdek, Sport vazirligi, viloyat hokimligi va qator hamkor tashkilotlar rasmiylari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro musobaqaning ahamiyati hamda mezbon sifatida O‘zbekistonning tanlangani, bu borada amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Oxirgi yillarda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi davlatimiz tomonidan mamlakatda sportni rivojlantirish va ommalashtirish borasida qator islohotlar amalga oshirildi. Pirovardida jahon va qit’a miqyosidagi nufuzli musobaqalar mezbonligi O‘zbekistonga ishonib topshirilmoqda.
O‘z navbatida xalqaro musobaqalarning mamlakatimizda o‘tkazilishi butun dunyo e’tiborini O‘zbekistonga qaratish va xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qiladi.