Tuman olimpiadasida 1700 nafar o‘quvchi viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi

Samarqand viloyatidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha respublika olimpiadasining II tuman (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tdi.

5 ta hududda o‘tkazilgan musobaqada 14 ta fan bo‘yicha 1926 nafar yigit-qizlar yozma ish, test, og‘zaki savol-javob (fan yo‘nalishi bo‘yicha) va laboratoriya ishlari bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 59 nafar 2 bosqich hamda 100 nafar 3-bosqich o‘quvchilari musobaqaning shu yil mart oyida bo‘ladigan viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

O‘quvchi-yoshlarning iste’dodi va ijodiy qobiliyatini aniqlash, rag‘batlantirish, o‘zlari tanlagan fanlar va ixtisosliklarni chuqur o‘rganishga qiziqishlarini yanada oshirib, kasbni to‘g‘ri tanlashiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovning umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rtasidagi tuman (shahar) bosqichi ham bo‘lib o‘tdi.

18 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha 9, 10, 11-sinf o‘quvchilaridan iborat 10 ming nafar qatnashchi birinchi kuni yozma va og‘zaki tarzda sinovdan o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi kuni test topshirdi.

Yoshlarning bilimi malakali va tajribali pedagoglardan tarkib topgan hakamlar hay’ati tomonidan baholandi. Tanlovda yuqori ko‘rsatkich qayd etib, 1, 2 va 3-o‘rinni egallagan 1700 nafar o‘quvchilar joriy yilning mart oyi yakunida o‘tkaziladigan keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.

G‘oliblarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.