Tunda harakatlanadigan avtobuslar endi ichki ishlar organlari hamrohligida harakatlanadi

Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi (2019 yil 22 may, 424-son), deb xabar bermoqda huquqiy axborot kanali.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab:

Tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda ichki ishlar organlari hamrohligida amalga oshiriladi.

Avtobuslarga ichki ishlar organlarining hamrohlik qilishi davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibida yoki shartnomalar tuzilgan holda pulli asosda kechadi.

Ichki ishlar organlari hamrohlik qiladigan avtobuslar bevosita qatnov yo‘liga chiqishdan oldin texnik holati yuzasidan majburiy tekshirishdan o‘tkaziladi.

Smenalar o‘rtasidagi dam olish vaqti 12 soatdan kamni tashkil etgan avtobuslar haydovchilarining safarga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya kartochkalari berilmaydi. 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa bunday avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlanadi.

Xayriya maqsadlarida tashkil etilgan aholining ijtimoiy zaif toifalari sirasiga kiradigan ekskursiya qiluvchi, turistik va boshqa guruhlarni tashishni bajaruvchi avtomobillarga hamrohlik qilish bepul amalga oshiriladi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.