Tunu kun mehnat qilayotgan shifokorlar uchun tadbirkor bepul ovqatlar yetkazilishini yo‘lga qo‘yildi
Ijtimoiy tarmoqlarda shifokorlarimiz «Biz siz uchun ishda qoldik, Siz biz uchun uyda qoling» deb nomlangan o‘ziga xos chellenj boshlab yuborishdi.
Ushbu chellenj ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va ko‘pchilik yurtdoshlarimizni ham ta’sirlantirgani rost.
Bu voqeadan ruhlanganlar orasida “Havoqand People” kompaniyalar guruhi asoschisi (Les Ailes, Chopar Pizza restoranlar tarmog‘i) Ahmad Meliboyev ham bor va u o‘ziga xos tashabbus bilan chiqdi.
Bugundan boshlab 1 aprelga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi shtabi, Call-markazi va ushbu infeksiyaga chalinganlikda gumon qilingan bemorlarni davolash muassasalarida tunu kun mehnat qilayotgan shifokorlar uchun “Les Ailes”, “Chopar” restoranlaridan bepul ovqatlar yetkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Ahmad akaning aytishicha, uning jamoasi aholi salomatligi uchun kurashayotgan shifokorlarga ko‘makka tayyor va ularga nonushta, tushlik hamda kechki ovqatlar ular istagan vaqtda yetkazib beriladi.
"Mard farzandlar el boshiga ish tushganda sinaladi. Ana shunday xayrli ishlarga bosh qo‘shayotgan tadbirkorlar ishiga O‘zi baraka bersin!", deyilgan "koronavirusinfouz" kanalida.