Turizm sohasini rivojlantirish uchun bizda yetarlicha malaka va yetuk mutaxassislar yetishmaydi
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishda tabiiy va etnografik resurslardan samarali foydalanish muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
- O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishda imkoniyatlarimizdan to‘la foydalanganimiz yo‘q, - dedi institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilbar Aslonova. – Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish uchun avvalo, yurtimizda turistik hududlar tashkil etish lozim. Bu borada soha mutaxassislari o‘z takliflarini bildiradi. Konferensiyani shu maqsadda tashkil etdik. Xalqaro tajribalarga tayangan holda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish barchamizning burchimiz.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda so‘zga chiqqan soha mutaxassislari bizdagi turizm sohasi xalqaro standartlarga javob bermasligiga to‘xtalib, bu borada o‘z takliflarini o‘rtaga tashladi.
- Mamlakatga turistlarni jalb qilish uchun shaharlarda ekologik istirohat bog‘lari qurish kerak, - dedi Qozon federal universitetining servis va turizm bo‘limi boshlig‘i Oleg Bunakov. – Qozon shahridagi istirohat bog‘lari so‘lim daraxtlari bilan kishilarni o‘ziga jalb etadi. U yerga dam olishga kelganlar sport bilan shug‘ullanishi, maxsus musiqa asboblari qo‘yilgan joylarda kuy ijro etishi mumkin.
Har bir davlatning milliy an’analari, madaniyati, turmush tarzini bilish sayyohlar uchun qiziq. Biz milliyligimizni chet elliklarga to‘la namoyon qilib ko‘rsatadigan maxsus dam olish joylariga ega emasmiz.
Ikki kun davom etgan anjumanda dolzarb taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Xurshida ERNAZAROVA.