Turkiya mustaqilligining 99 yilligi Samarqandda ham nishonlandi
Samarqand shahrida Turkiya Respublikasi tashkil topganining 99 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosarlari J.O‘roqov, X.Ochilov, F.Abilov, Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsuli Salih Janer, viloyat hokimligi vakillari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ayni paytda Samarqandda yashayotgan va faoliyat yuritayotgan Turkiya fuqarolaridan bir guruhi ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi dunyo hamjamiyatiga o‘zini mustaqil davlat sifatida e’lon qilganda, buni birinchilardan bo‘lib Turkiya tan olib, do‘stona hamkorlik qo‘lini uzatgan edi. Bugungi kunga kelib ham Turkiya O‘zbekistonning eng ishonchli hamkorlaridan biri sanaladi. O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi hamkorlik samarasi o‘laroq bir qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, bugungi kunda Samarqand viloyatida deyarli barcha sohalarda turkiyaliklar bilan yaqin hamkorlikda ishlar olib borilyapti.
Tadbirda konsul Salih Janer so‘z olib, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning mamlakat mustaqilligining 99 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Bundan 99 yil avval, 1923 yil 29 oktyabr kuni Mustafo Kamol Otaturk tomonidan tashkil etilgan Turkiya davlati bugun jahonda o‘z o‘rni va mavqeiga ega ekanligini ta’kidladi.