Turkiya Ozarbayjonni jang maydonida qo‘llashga tayyor ekanini ma’lum qildi

Turkiya Ozarbayjonni muzokaralar olib borishda ham, jang maydonida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Mevlut Chavusho‘g‘lu ma’lum qildi.

“Biz masala (Tog‘li Qorabog‘) tubdan hal etilishini xohlaymiz. Buning uchun ko‘p harakat qildik, ammo muvaffaqiyatsiz. Biz har doim Ozarbayjon bilan birga bo‘ldik - jang maydonida ham, muzokaralar olib borilishida ham”, dedi Chavusho‘g‘lu Anqaradagi Ozarbayjon elchixonasiga tashrifida.

Shuningdek, Chavusho‘g‘lu bilan birga Ozarbayjonning Anqaradagi elchixonasiga borgan Turkiyadagi hukmron partiya rahbari o‘rinbosari Numan Kurtulmush Turkiya Ozarbayjon muammosini o‘z muammosidek qabul qilishini ta’kidladi.

“Armaniston noto‘g‘ri harakatlarni amalga oshirmoqda. Ozarbayjonga uyushtirilgan hujumni biz Turkiyaga uyushtirilgan hujumdek baholaymiz. Biz qardosh Ozarbayjonga yordam berish uchun barcha narsaga tayyormiz. Oxir oqibat u (Ozarbayjon) o‘zi jangda g‘alaba qozonadi”, dedi Kurtulmush.