Turkiya Suriyadagi operatsiyaga tayyor, pozitsiyalar egallanmoqda

Turkiya harbiylari Suriya shimolida taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) a’zolariga qarshi operatsiya o‘tkazish uchun jangovar pozitsiyalarni egalladi. Bu haqda Sabah gazetasiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya qurolli kuchlari Suriya milliy armiyasi bilan hamkorlikda harakat qilmoqda. “Manbij va Tel-Rifat shahar markazlarida ham faollik bor”, deydi gazeta muxbiri.

Qayd etilishicha, Turkiya tomoni “terrorchi unsurlarga qarshi” operatsiya o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtda AQSh Qurolli kuchlari KIP a’zolari bilan birlashgan patrul xizmatini o‘tkazgan. Gazetaning yozishicha, Manbij va Tel-Rifat shahar markazlarida KIP qurolli guruhlari shaharga kirish-chiqish va maydonlarda katta nazorat punktlari o‘rnatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Qurolli kuchlari va Suriya erkin armiyasi harbiylari Suriyada yangi operatsiyaga tayyorgarlik ishlarini yakunlagani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, turk harbiylari Tel-Rifat va Manbij shaharlari atrofida jangovar pozitsiyalarni egallab, terrorchi guruh pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda. Harbiy operatsiya Tel-Rifat va Manbijda bir vaqtda amalga oshiriladi. Uning nishoni allaqachon ma’lum.

Avvalroq Turkiyaning Raqqa shahri shimoliy chekkasi – Ayn-Issa hududidagi harbiy operatsiyasi Moskva va Anqara muhokamasida bo‘lgan edi. Rossiya tomoni bu qadamni ma’qullamagani sababli Turkiya janglarga tayyorgarlikni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.