Turkiyalik professor Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asari tarjimasiga bag‘ishlangan onlayn seminar o‘tkazdi
Ayni kunlarda mamlakatimizda “Covid-19” infeksiyasi tufayli karantin e’lon qilinishi kundalik hayotning butkul to‘xtab qolishini anglatmaydi.
O‘zbekistonda tojsimon virus bilan bog‘liq vaziyat o‘z vaqtida to‘g‘ri baholanib, bir qarashda keskin tuyuladigan, ammo aslida o‘ta zarur bo‘lgan choralar ko‘rildi.
Shunday epidemiologik murakkab vaziyat bo‘lishiga qaramay, yurtimizdagi korxona, tashkilot va idoralarda ish to‘xtab qolgani yo‘q.
Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari ham Maxsus komissiya ko‘rsatmalari va karantin talablari asosida ishni to‘g‘ri tashkil qilib, belgilangan yillik rejalar va xalqaro miqyosda erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida sifatli bajarish maqsadida tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Joriy yilning 2-4 mart kunlari Samarqandda o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya ham Markaz jamoasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Konferensiya doirasida dunyoning yetakchi islomshunos olimlari bilan sohaga doir ma’lumotlar almashinib, muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, taniqli moturidiyshunos olim, “Ta’vilot al-Qur’on” asarini turk tiliga tarjima qilishda ishtirok etgan, unga muharrirlik qilgan Turkiyaning Marmara universiteti professori Yusuf Shavqiy Yavuz bilan Imom Moturidiyning “Ta’viloti ahli sunna” asari tarjima va tahriri bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish maqsadida ilmiy seminar tashkil qilishga kelishib olingan edi.
Karantin sababli joriy yilning 20 aprel kuni ushbu ilmiy seminar onlayn tarzda tashkil etildi. Unda turkiyalik olim, Markaz ilmiy xodimlari va o‘zbekistonlik bir guruh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Professor Yusuf Shavqiy Yavuz Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” asarini turk tiliga tarjima qilish jarayoni, bu boradagi qiyinchiliklar, orttirilgan tajriba haqida so‘zladi. Olimning aytishicha, Moturidiy ilmiy merosi uzoq vaqt mobaynida islom ulamolari va oddiy musulmonlar e’tiboridan chetda qolib kelgan. Faqat XX asr boshlarida dunyo siyosiy konyukturasida ro‘y bergan o‘zgarishlar yana buyuk olim asarlarini qiziqish ob’yektiga aylantirdi.
Yusuf Shavqiy Yavuz “Ta’vilot al-Qur’on” asarining turk tiliga tarjima qilinishi Moturidiy dahosining yangidan kashf etilishiga olib kelganini, ko‘plab test-so‘rovlar o‘tkazilib, keng afkor ommaning diqqati jalb qilinganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
“Islom ilmi va madaniyati uzoq davr mobaynida G‘arbdan ortda qolib keldi, ba’zi hollarda unga ergashgan davrlar ham bo‘ldi. Kalom ilmi, fiqhshunoslik kabi yo‘nalishlar joyida qotib qoldi. Islom ilmi rivojlanish o‘rniga eski hukmlar barqaror saqlanib keldi”, dedi professor Yusuf Shavqiy Yavuz.
Uning fikricha, islom ta’limotida ijtihodga ehtiyoj juda katta edi va buni qoplashda aynan Imom Moturidiyning mazkur asari juda muhim manba, ilmiy-amaliy poydevor bo‘ldi. Islom dunyosi o‘rta asrlar ahkomlariga taqlid qilmaslik, masalalarni yechishda birinchi galda aqlga suyanish, qisqa qilib aytganda, ijtihodni ihyo (jonlantirish, faollashtirish) qilish yo‘liga o‘ta boshladi.
Yusuf Shavqiy Yavuzning ta’kidlashicha, Moturidiy merosining uzoq vaqt e’tibordan faromush bo‘lib kelganining sababi u zot yashab ijod qilgan Samarqand bilan islom dunyosi ilmiy markazlari o‘rtasidagi katta masofada ham emas.
Zero, o‘sha kezlari Samarqand Buyuk Ipak yo‘lining eng gavjum chorrahasi edi. Turklar bugungi kunda Istanbul shahrini bejiz o‘sha paytdagi Samarqandga qiyoslamaydi. Chunki bugun ko‘hna Konstantinopol dunyo mamlakatlarini bog‘laydigan manzilga aylangan.
Turkiyalik olim “Ta’vilot al-Qur’on” tafsirga oid asar bo‘lsa-da, o‘zida chuqur falsafiy va ijtihodiy g‘oya va fikrlarni ham jamlaganini ta’kidladi. Uning fikricha, kimlargadir ko‘r-ko‘rona ergashish, mohiyatini teran anglamay turib qandaydir g‘oyalar yo‘lini tutish orqali haqqa yetishib bo‘lmaydi. Afsuski, musulmonlar uzoq davr mobaynida taqlid asosida, xalq orasida keng tarqalgan so‘fiylikning an’analariga yuzaki ergashgan holda, zohiriy emas, botiniy yo‘llarda chalg‘ib keldi. Imom Moturidiy ta’limoti esa aqli solihga suyangan, ijtihodni ihyo qilgan holda haqqa yetishishni taklif qiladi.
Shu munosabat bilan Marmara universiteti professori Samarqand shahrida “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilgani, O‘zbekistonda Imom Buxoriy, Imom Termiziy markazlari kabi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini ochishga qaror qilingani ayni muddao bo‘lganini alohida qayd etdi.
Qiziqarli savol-javoblar tarzida davom etgan seminarda Imom Moturidiyning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi, moturidiya ta’limotini o‘rganishning ahamiyati, “Ta’vilot al-Qur’on” asarini tarjima qilishning o‘ziga xos jihatlari atroflicha muhokama etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ayni kunlarda Imom Moturidiyning “Ta’viloti ahli sunna” asari o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Turkiyalik olim bu borada markaz xodimlariga muvaffaqiyat tilab, tarjima asnosida buyuk allomaning yozuv uslubiyatiga, turkiy, arabiy va fiqhiy istilohlarga (atamalar) o‘ta diqqatli bo‘lish, mutarjimlar ishlarini birlashtirishda asarning bir inson tomonidan yozilgan ekanini ko‘rsata olish g‘oyat muhimligini alohida ta’kidladi.
Markaz jamoasi Yusuf Shavqiy Yavuzga “Ta’viloti ahli sunna” asarini o‘zbek tilida nashr etish ishlarida ilmiy maslahatchi sifatida qatnashishni taklif etdi. Olim taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, bu xayrli tadbirda ishtirok etishdan baxtiyor bo‘lishini aytdi.
Muloqot yakunida qisqa fursatda Markazda yana bir ilmiy-amaliy seminar o‘tkazish, Turkiya islom tadqiqotlari muassasalari bilan aloqalarni yanada kengaytirishda sa’y-harakatlarni o‘zaro birlashtirishga kelishib olindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.