Turkiyada bundan 6 yil avval sodir bo‘lgan voqealar yodga olindi
Bundan 6 yil avval - 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada FETO terror tashkiloti tomonidan davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish kuzatilgan edi. Lekin Turkiya xalqi birlashib, demokratik qadriyatlarga sodiqligini namoyon etgan, natijada bu fitna amalga oshmagan, mamlakatning demokratik davlat tuzumi saqlab qolingan edi.
Shu sababli Turkiya xalqi va bu mamlakatning xorijiy davlatlardagi idoralari har yili 15 iyulni "Demokratik va milliy birlashish" kuni sifatida yodga oladi va nishonlaydi.
Samarqandda faoliyat yuritayotgan Turkiya Respublikasining bosh konsulxonasida bugun ushbu sana munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi vakillari, ziyolilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda ayni paytda Samarqandda yashayotgan va faoliyat yuritayotgan Turkiya fuqarolarining bir guruhi taklif etilgan tadbirda o‘sha voqealar yodga olindi.
Samarqanddagi Turkiya Respublikasi bosh konsuli Salih Janer bu haqda gapirib berdi.
Tadbirda 2016 yil 15 iyulda sodir bo‘lgan voqealar aks etgan suratlar, vidolavhalar namoyish etildi.