Turkiyaning Suriyadagi operatsiyasi: Moskva va Anqara murosa qidirmoqda
Rossiya Turkiyaning Suriya shimolidagi kurdlar pozitsiyalariga qarshi navbatdagi harbiy operatsiya o‘tkazish rejasini ma’qullamadi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning aytishicha, bunday qadam Arab Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzish hisoblanadi.
Kuzatuvchilarning qayd etishicha, Anqara mintaqada vaziyat keskinlashmasligi uchun Moskva bilan bu borada kelishmovchiliklarni bartaraf etishga intilmoqda. Bugun, 8 iyun kuni Turkiya poytaxtida Sergey Lavrov va Mevlyut Chavusho‘g‘li o‘rtasidagi muzokaralarda transchegaraviy intervensiya asosiy mavzulardan biriga aylandi.
Turkiya o‘z chegaralari bo‘ylab 30 kilometrlik xavfsizlik zonasi hududini kengaytirishga intilmoqda.
Associated Press xabariga ko‘ra, AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kurd o‘z-o‘zini mudofaa qilish otryadlari Turkiyaning ehtimoliy bosqiniga qarshi kurashda rasmiy Damashq bilan hamkorlik qilishga tayyor.
Shu hafta Moskva va Damashq harbiy-havo kuchlarining qo‘shma mashg‘ulotlari bo‘tkazilishi haqida ma’lum bo‘ldi. Suriya Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, Rossiyaning 2 ta "SU-35" qiruvchisi va Suriyaning 6 ta "MiG-23" va "MiG-29" samolyotlari shartli dushmanning jangovar samolyot va uchuvchisiz apparati bilan to‘qnashuvni taqlid qilgan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, manevrlar Isroil nazoratidagi Golan tepaliklari yaqinida, shuningdek, mamlakat shimoli va sharqida o‘tkazilgan.
Avvalroq Suriya davlat televideniyesi Isroilning Damashq janubidagi Suriya armiyasiga qarashli ob’yektlarga zarba bergani haqida xabar bergan edi. Tel-Aviv o‘qqa tutish haqidagi xabarlarga izoh bermadi.