Turkmaniston hukumati saylov natijalari haqida ma’lumot bermadi

Turkmaniston markaziy saylov komissiyasi 31 mart kuni respublika parlamenti va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tganini e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlarda 90 foizdan ko‘p saylovchi ovoz berdi, deb xabar bermoqda Slujba Novostey Sentralnoy Azii.

«Nastoyaщyeye Vremya» telekanalining ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich Turkmaniston uchun juda ham pastdir. Chunki, Gurbanguli Berdimuhammedov uchinchi muddatga qayta saylangan 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida, MSK tomonidan e’lon qilingan axborotga ko‘ra, 97 foiz saylovchi ishtirok etgan edi.

Saylov natijalari haqida hukumat boshqa ma’lumot bermadi va yaqin oralarda e’lon qilishga va’da berdi.

Turkmanistondagi saylovlar monitoringi bilan faqat mahalliy kuzatuvchilar shug‘ullandi. MSKning bayonot berishicha, saylovlar xalqaro huquq me’yorlariga mos o‘tkazildi. Viloyatlar va Ashxoboddagi saylov uchastkalariga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Markaziy saylov komissiyasi saytida ovoz berish jarayonlarini onlayn-rejimda kuzatish imkoniyati yaratildi.