Har bir mamlakatning o‘z “tush”i bormi?

Bu tadqiqot karavotlar yaratuvchi Happy Beds kompaniyasi tomonidan buyurtma qilindi. Ishga kirishgan sotsiologlar odamlar o‘z tushlari syujetlari bilan baham ko‘radigan, ularni umumlashtirib tahlil qiladigan ko‘plab saytlardan foydalanishdi. The Daily Mail esa olingan natijalar bilan tanishtiradi.

Syujetlar, albatta, individual ravishda farqlanadi, lekin ular bir mamlakat yashovchilari orasida hayratlanarli darajada takrorlanar ekan. Angliyaliklarning tushiga ko‘pincha asalarilar kiradi. Psixologlarning fikriga ko‘ra, bu doimiy tashvish va behalovatlik haqida gapiradi.

Amerikaliklar ko‘pincha ko‘zlarini sug‘urib olayotgan ko‘z shifokori huzurida bo‘lishadi, ular doim biror-bir narsasini yo‘qotadi, topa olmaydi, oyoq barmoqlari tushib qolganini ko‘radi va hayratlanarli tarzda puflab chalinadigan asbobda musiqa chalishadi. Sharhlovchilar bu tushlarda diqqat markazida bo‘lishdagi doimiy qo‘rquvni ko‘rishadi.

Avstraliyadagi alg‘ov-dalg‘ov tushlar odatda mahalliy tabiat – ilonlar, timsohlar, shuningdek, bo‘ronlar va toshqinlar bilan bog‘liq.

Nemislar tushida sayohat bilan bog‘liq dahshatlarni ko‘radi – ular yo poyezdga kechikishadi yoki umuman boshqa joyga borib qolishadi. Bu ularning hayotda to‘g‘ri yo‘l tutishi yoki tutmasligi haqidagi doimiy shubhalaridan gapiradi.

Fransuzlar kechasi bilan turli xil FaceTime (telefon qurilmalari o‘rtasida video va audio qo‘ng‘iroqlarni qo‘llab-quvvatlaydigan dastur) nosozliklaridan qo‘rqib chiqishadi. Yeb to‘ymas italiyaliklarni oziq-ovqat tugashi bilan bog‘liq tushlar qo‘rqitadi. Vetnamliklar tushida ko‘pincha miyaga o‘rnashib qolgan sobiq jazmanlari paydo bo‘ladi. Bularning barchasi u yoki bu darajadagi umidsizlikdan dalolat beradi.

Rossiyaliklarning tush sarguzashtlari ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega: ko‘pchilik o‘zini yopiq xonada ko‘radi, uning atrofida aylanib yurib, chiqish yo‘lini topishga harakat qilishadi. Yoki ular katta shaharda adashib qolgan bo‘ladi. Ko‘rinishidan, bu doimiy tashvish va o‘ziga ishonchsizlikni bildiradi.

Aytgancha...

The Daily Mail’ning yozishicha, odamlar Covid-19 bilan kasallangan vaqtda juda ko‘p dahshatli tushlar ko‘ra boshlagan. Yomon tushlar haqidagi shikoyatlar deyarli butun dunyodan kelgan. “Tinchlik davri”da hech kim unchalik ko‘p dahshatli tush ko‘rmagan – bu tibbiy fakt.

- Pandemiya va yomon tushlar, albatta, bir-biriga bog‘liq, - deydi Messi universiteti uyqu va uyg‘oqlik tadqiqot markazi (Massey University Sleep/Wake Research Centre) vakili, yangizelandiyalik doktor Rozi Gibson (Rosie Gibson).

Hodisalar mohiyatini xalqaro vaziyat keskinlashuvidan oldin ham o‘rgangan tadqiqotchi infeksiya miyaga ta’sir qilmasligi, tungi vahimalar karantin va o‘zini izolyasiya qilish natijasida kelib chiqqanligi to‘g‘risida gapirdi. Unga qo‘shimcha rasmiy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil va qoida tariqasida bir-biriga qarama-qarshi xavotirli xabarlarning ko‘pligi tufayli odamlardagi qo‘rquv va miyaga o‘rnashib qolgan fikrlar o‘z ishini qildi.

Kuchli axborot oqimi miyani “bosadi”. Natijada u ongsiz darajada vahimani boshlaydi. Yomon tushlar esa bizni hissiy jihatdan real hayotga moslashishga yordam berib, ruhiy vahimaga javob qaytaradi.

- Xo‘sh, bu xizmat turi sizga yoqmayaptimi? Uni qisman o‘chirishning oson yo‘li bor. Uxlashdan kamida ikki soat oldin dunyo muammolari haqida hech narsa ko‘rmaslik yoki eshitmaslik uchun barcha axborot resurslaridan uzoqlashing, - deydi Rozi Gibson. - Fikrlaringizni jamlang, ibodat qiling, mashq yoki yoga bilan shug‘ullaning. Tushlardan biror bir yaxshi narsani anglab olishni istasak, bu albattayordam beradi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.