Tuzoqqa ilingan davr sayohatchilari

#O‘qing_qiziq!

Garchi olimlar kelajakka va o‘tmishga sayohat qilish mumkinligiga shubha qilishsa-da, vaqti-vaqti bilan o‘zlarini davr bo‘ylab sayohat qilganini da’vo qiladiganlar topilmoqda yoki ba’zi bir hodisa va ashyoviy dalillar ro‘kach qilinmoqda.

Charli Chaplin filmidagi mobil telefon

Rejissyor Jorj Klark Charli Chaplinning "Sirk" kinofilmidagi bir necha “sahna ortidagi” kadrlarni e’tibor bilan ko‘rib chiqib, qulog‘iga ingichka asbob ushlab olgan ayolga ko‘zi tushdi. Agar film bugun suratga olinganda, mubolag‘asiz har bir kishi bu qurilmani mobil telefon deyishi aniq edi. Biroq surat olish ishlari 1928 yilda bo‘lib o‘tgan.

Xo‘sh, Jorj Klark nimani ko‘rgan ekan? Nahotki, bu ayol davr sayohatchisi bo‘lsa? 1928 yilda uyali aloqa xizmati bo‘lmagan paytda u qanday qilib telefon orqali gaplashishi mumkin? Yoki uning qo‘lida boshqa sayohatchilar bilan aloqa qiladigan asbob bo‘lganmi?

Aloqa-chi? Aloqa qanday amalga oshirilgan? Ehtimol, ayol qo‘lida boshqa asbobni tutgandir, masalan eshitish apparati, lekin bir vaqtning o‘zida u gapiryapti. Balki u aqldan ozgan bo‘lgandir? Suratdagi kishi o‘zi ayolmi yoki erkak? Afsuski, buni aniqlashning iloji bo‘lmayapti.

XXI asr boshidan 1941 yilga tushib qolgan  olifta

2012 yilda Kanada muzeyidagi ko‘rgazmada 1941 yilda Vankuver  ko‘prigining ochilishida tushirilgan fotosurat qo‘yildi. Muzeyga kelganlar bir suratda vaqt sayohatchisini ko‘rishdi. Suratdagi kishi 1941 yilda yashagan mehnatkashlardan ko‘ra ko‘proq zamonaviy megapolis yashovchisini eslatib, qora ko‘zoynak taqqani va u paytlarda hali rusumga kirmagan futbolka va kardigan kiygani bilan ajralib tutardi. Bundan tashqari, u  o‘tgan asrning 40-yillarida bo‘lishi mumkin bo‘lmagan portativ kamerani ushlab turardi.

Mutaxassislar suratni montaj qilinganligini aniqlash maqsadida o‘rganish uchun ekspertizaga olib ketishdi. Ammo ularga fotosurat qalbakilashtirilmaganligi to‘g‘risidagi xulosa berildi. Olimlar ham bu hodisa sababini tushuntira olishmadi.

O‘tmishdan kelgan avtomobil qurboni

1950 yil iyun oyining o‘rtalarida fojiali voqea sodir bo‘ldi: mashina 19 asr rusumida bo‘lgan kiyimdagi kishi - Rudolf Fetsni urib ketdi, u halok bo‘ldi. Politsiya tergov boshladi va kutilmaganda 29 yoshli marhum 1876 yilda izsiz g‘oyib bo‘lgani aniqlandi. Uning yonida misdan qilingan pivo idishi, ot va aravani parvarish qilish  to‘g‘risidagi qonun loyihasi, 1876 yil sanasi ko‘rsatilgan xat, 70 dollar va bir nechta tashrif qog‘ozlari bo‘lardi. Narsalarining hammasida hech qanday qarish alomati yo‘q edi, bu politsiyachilarga 1876 yildan to‘g‘ri 1950 yilga tushib qolgan sayohatchining jasadi, deb taxmin qilish imkonini berdi. Nahotki, u yana bir davr sayohatchisi bo‘lsa? Negadir ular haddan tashqari ko‘payib ketmoqda. Kimdir o‘zining uzoq sayohatlarida beparvolik bilan aniq izlar qoldirmoqda.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.