Uch mas’ulda uch xil javob, bog‘chasi yo‘q mahalla bolalari esa dasturdan umidvor
Tahririyatimizga Payariq tumani Maniobod mahallasida yashovchi fuqarolar nomidan Qudrat Ro‘ziyev shikoyat xati yo‘lladi.
Unda jumladan, shunday deyiladi:
- Mahallamizda shuncha yildan buyon ishlab chiqarish korxonasi, hatto davlat maktabgacha ta’lim muassasasi ham qurilmagan. Maktab, qishloq vrachlik punkti bor, ammo bolalar kelajagida bog‘cha juda muhim. Shu bois mahallamizdagi 5250 nafar aholi nomidan davlat maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishida yordam so‘rab tuman hokimi, tumandagi Xalq qabulxonasi va boshqa mas’ul tashkilotlarga bir necha bor murojaat qildik. Ularning javobida mahallada muassasa qurilishi 3 yildan so‘ng, ya’ni 2024 yilda rejalashtiriladi, degan javob oldik”.
Murojaat yuzasidan to‘liqroq ma’lumot olish uchun mahalladagi hokim yordamchisi Sh.Ermonov bilan telefon orqali bog‘lanib ko‘rdik. U mahallada ikkita uy bog‘chasi tashkil etilgani, biroq necha nafar bola qamrab olinganini aniq bilmasligini aytdi. Necha nafar bog‘cha yoshidagi bola borligi, maktabdagi o‘quvchilar soni haqida ham ma’lumot ololmadik. Bular bo‘yicha keyinroq aniq ma’lumot berishni va’da qilgan hokim yordamchisidan ikki haftada ham javob bo‘lmadi.
Mahalla tumanning 3-sektor hududida joylashgan. Balki ular bu masalada biror taklif kiritishgandir.
- 2022 yil fevral oyida Maniobod mahallasidagi 700 metr ichki yo‘lga tosh to‘shaldi, - deydi 3-sektor kotibi Abror Jumanazarov. – Imkoniyat darajasida boshqa masalalarga ham yechim topilyapti. Ammo mahallada davlat maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘qligi haqiqat. Muassasa qurish masalasi mas’ul vazirlik tomonidan belgilanadi. Bu masalaga biz emas, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi taklif kiritishi lozim.
Murojaat yuzasidan tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Ne’mat Zoirov bilan ham bog‘landik.
- Bu masaladan xabardormiz, - deydi N.Zoirov. - Hozircha tumanimizdagi eski bog‘chalar ta’mirlanyapti. Maniobod mahallasi “Obod qishloq” dasturiga kiritilganda bog‘cha qurilishi mumkin. Bu yil “Obod qishloq” dasturiga tushgan boshqa mahallalarda bolalar bog‘chasi qurilyapti. Hozircha bir-ikki yil ushbu mahallada bog‘cha qurilishi noma’lum.
Bitta masalada javob olish uchun bir nechta mas’ul idoraga bog‘landik, ammo biror tayinli javob yo‘q. Murojaatchilar arziga yechim topish uchun qancha idoralarda sarson bo‘lishini tasavvur qilavering.
X.Ernazarova.