Ukraina poytaxti Kiyevda namoyishchilar Zelenskiyning iste’fosini talab qilmoqda

Videobloger Anatoliy Shariya partiyasi tarafdorlari 17 iyun kuni Ukraina Prezidenti ofisi yonida Vladimir Zelenskiy iste’fosini talab qilib namoyish o‘tkazdi. Bu haqda RIA Novosti nashri muxbiri xabar berdi.

Namoyishchilar Zelenskiy ofisi yonida to‘planishdi. Ular qo‘llarida payrtiya bayroqlari, Ukraina bayrog‘i va Prezident iste’fosi talab etilgan yozuvlar bilan namoyish o‘tkazishdi. Shuningdek, namoyishchilar konstitutsion huquqlarini, jurnalist va jamoat faollari kaltaklanishi to‘xtatilishini talab qilishmoqda.

“Namoyishimiz tinch o‘tadi. Biroq oxirigacha harakat qilamiz va Zelenskiyni oldimizga chaqiramiz”, dedi namoyishchilardan biri.

Shu bilan birga, Prezident ofisi yonidagi Bankovkaya ko‘chasida Anatoliy Shariya partiyasiga qarshi tomon, “demokratichna sokira” (“Demokratik bolta”) vakillari yig‘ilishgan. Ular ruhiy kasalxona shifokorlari liboslarini kiyib olishgan.

Politsiya vaziyatni nazorat qilmoqda. Milliy gvardiya namoyish o‘tkazilayotgan hududni o‘rab olgan. Kiyevning hukumat kvartali hududi politsiya tomonidan yopilgan.