Ukraina – Rossiya ziddiyati: so‘nggi tafsilotlar
Ukrainadagi bir qator shaharlarda yakshanba kuni ham o‘q ovozlari tinmadi. Kiyev turar joy uylari va tinch aholi o‘q ostida qolganini da’vo qilmoqda – Moskva esa faqat harbiy nishonlarga zarba berilayapti, demoqda. Ukraina tomoniga ko‘ra, Kiyevdan uncha uzoq bo‘lmagan Irpin shahrida odamlar evakuatsiya qilinuvchi yo‘l o‘qqa tutilgan. Bu haqda voqea joyida ishlayotgan xorijlik muxbirlar ham xabar bermoqda. Gaz quvuriga snaryad tekkani sababli shahar gaz ta’minotidan uzilgan.
- Mariupol va Volnovaxadan tinch aholini evakuatsiya qilishga urinish harbiy harakatlar sabab yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu haqda Ukraina ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
- Tan olinmagan Donbass respublikalari vakillari Mariupoldan 300 kishini olib chiqishga muvaffaq bo‘lganliklarini aytib, Ukraina tomonni sukut saqlash rejimiga rioya qilishni kafolatlashdan bosh tortishda aybladi. Qamal qilingan shahar suv va elektr energiyasidan mahrum bo‘lgan.
- Ukrainadagi Vinnitsa shahriga ham raketa zarbalari berilgani xabar qilindi. Bir necha soat oldin Zelenskiy Rossiya kuchlari Odessa port shahrini o‘qqa tutmoqchi ekanini aytgan edi:
- Keyinroq, shuningdek, Rossiya samolyotlari Xarkovdagi teleminoraga urilgani va mahalliy aholi uchun translyasiya uzilgani haqida xabarlar tarqaldi.
- Zelenskiy yana xalqaro hamjamiyatni Ukraina uzra uchish taqiqlangan hudud joriy etishga chaqirdi. NATO bu kabi harakatlar G‘arbni Rossiya bilan urishtirishidan cho‘chib, hali bunga rozi bo‘lmadi.
- Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi yakshanba kuni o‘z qo‘shinlarining Ukrainadagi harakatlari aks etgan kadrlarni e’lon qilib, “Ukraina Qurolli kuchlarining deyarli barcha jangovar aviatsiyasi yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
- Rossiya prezidenti Vladimir Putin fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatda Ukraina “Rossiyaning barcha ma’lum talablarini” bajarsagina, u bilan muloqotni davom ettirib, harbiy harakatlarni to‘xtatishi mumkinligini bildirdi.
- Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning butun hududiga 4 ta xavfdan 3- xavf darajasini belgiladi. Ushbu xavf darajasi Rossiyaga sayohat qilmaslik tavsiyasini bildiradi. O‘tgan haftadan boshlab, fuqarolariga tark etishni tavsiya qiluvchi 4-daraja Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh hududlariga tayinlandi.
- AQSh Kongressining Vakillar palatasi Rossiyadan shtatlarga neft va energetika resurslarini olib kirishni taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqish imkoniyatini o‘rganmoqda, dedi spiker Pelosi. Loyiha, shuningdek, Rossiya va Belarus bilan normal savdo aloqalarini to‘xtatish, Moskvaning jahon savdo tashkilotiga kirishini bekor qilishni nazarda tutadi.
- Bugun, 7 mart kuni 10:00 dan Makronning Putinga qilgan iltimosiga binoan Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari sukut saqlash rejimini e’lon qiladi va Kiyev, Mariupol, Xarkov, Sumidan gumanitar yo‘laklarni ochadi, deya xabar berdi Rossiya gumanitar shtab-kvartirasi.