"Ukrainada bir kun – Afg‘onistonda bir oy": NATO davlatlarining uchdan ikki qismi Ukraina uchun qurol-yarog‘ zaxiralarini tugatdi
NATOga a’zo 30 ta davlatdan 20 tasi Ukrainaga qurol jo‘natish uchun harbiy resurslarini sezilarli darajada kamaytirdi. Ammo Fransiya, Germaniya, Gollandiya va Italiya kabi o‘nga yaqin yirik davlatlar aksincha, ko‘paytirdi, dedi Shimoliy Atlantika alyansi vakili The New York Times gazetasiga.
NATO Ukrainaga allaqachon 40 milliard dollarlik qurol yetkazgan. Bu Fransiyaning yillik mudofaa byudjetiga to‘g‘ri keladi.
Jurnalistlar bilan suhbatlashgan ekspertlarning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush jarayonida har ikki tomon ham Ikkinchi jahon urushidan beri misli ko‘rilmagan darajada qurol va o‘q-dorilarni iste’mol qilmoqda. Vaholanki, G‘arb bunga umuman tayyor emas edi.
NATO rasmiylariga ko‘ra, Ukrainada frontda qo‘llanilgan artilleriya miqdori hayratlanarli. Masalan, Afg‘onistonda NATO kuchlari kuniga 300 ta artilleriya o‘qini otishi mumkin edi va havo hujumi mudofaasi haqida ko‘p tashvishlanmasdi. Ammo Ukraina Qurolli kuchlari kuniga minglab o‘q uzishi mumkin va hanuzgacha Rossiya raketalari va Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz havo hujumidan mudofaa tizimlariga juda muhtoj. "Ukrainadagi bir kun - Afg‘onistonda bir oy, hatto undan ko‘proq"qa tatimoqda, deydi mudofaa bo‘yicha ekspert va NATO bosh kotibining sobiq yordamchisi Kamil Grand gazetaga.
NATOning yuqori martabali mulozimining ta’kidlashicha, o‘tgan yozda ukrainaliklar Donbassda kuniga 6-7 mingta artilleriya o‘qlari uzgan, ruslar esa har kuni 40-50 mingta snaryad otgan. Taqqoslash uchun: AQSh oyiga atigi 15 mingta snaryad ishlab chiqaradi.