Borligiga ishonish qiyin bo‘lgan tabiat mo‘’jizalari
Atrofimizda kishi ongini hayratda qoldiradigan juda ko‘p g‘aroyib hodisalar bor, bu albatta sayyoramizning son-sanoqsiz sirlarga boyligining dalolatidir. Bugun sizni tanishtirmoqchi bo‘lgan tabiat mo‘’jizalarini ko‘rib, hatto ashaddiy skeptiklar ham mo‘’jizalarga ishonishni boshlasa ajabmas.
Magnitli tepalik. Hindiston
Yuqorida surati aks etgan tepalikning etak qismiga mashinada kelgan kishi uni neytral holatga o‘tkazib qo‘ysa bas, ko‘tarilish juda tik bo‘lishiga qaramay, mashinaning o‘zi tepaga qarab harakatlana boshlaydi. Odamlar bu sirni tepalik atrofidagi g‘ayrioddiy tortishish maydoni bilan tushuntirishga harakat qilmoqda. Biroq hech kim bu hodisaning sababini aniqlay olmagan.
Mangu olov sharsharasi. AQSh
Bu g‘ayrioddiy sharshara Nyu-Yorkda joylashgan. Suv oqimi orqasida yashiringan g‘or ichida deyarli to‘xtovsiz alanga yonib turadi. Bu hodisani ma’lum bir sharoitlarda alangalanadigan tabiiy gaz bug‘lari bilan bog‘lashadi.
Amerikalik hindularda o‘chgan alangani jonlantirgan kishi butun hayoti davomida Xudoning marhamatiga sazovor bo‘ladi, degan e’tiqod bor.
G‘ordagi musiqa. Chexiya
Afsonalar g‘orlardagi aylanma chalkash yo‘llar tubidan chiqadigan organ (musiqiy asbob)ning tiniq tovushlari haqida gapiradi. 1996 yilda olimlar bu joyni topishdi va 9 metr chuqurlikdagi yer ostida bunday o‘lchamdagi asbobni sig‘dira oladigan birorta xona yo‘qligiga amin bo‘lishdi.
Psixologlar ommaviy gallyusinatsiyalar nazariyasini sinab ko‘rish niyatida ushbu hodisa guvohlari bilan ishladilar. Hamma birdek ushbu katakombalardagi “yorqin yo‘lak” haqida gapirardi. Tuproq namunalari bu joydagi bunday ko‘rinishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan fosfor izlari yo‘qligini ko‘rsatdi.
Bir qarashda koridor juda oddiy, ammo tez orada qizg‘ish-to‘q sariq rangda nur socha boshlaydi. Unda sal uzoqroq vaqt qolgan kishi esa “musiqa” eshita boshlaydi.
Tosh o‘rmon. Xitoy
Ehtimol, bu qadimiy mamlakatdagi eng g‘ayrioddiy maskandir. Qurib qolgan dengiz o‘rniga ohaktosh konlaridan hosil bo‘lgan tosh o‘rmon 200 million yil oldin paydo bo‘lgan. Yer qobig‘ining tektonik siljishi esa bu ajoyib tosh konstruksiyalarini hosil qilgan.
Tosh o‘rmonning asosiy diqqatga sazovor joyi Sifen g‘oridir. Har yili avgustdan noyabrgacha yer osti daryosi har 30 daqiqada g‘or ichida bir necha vaqt davom etib, tezda tarqab ketadigan shiddatli girdobni hosil qiladi.
Rang-barang daryo, Kolumbiya
Yilning ko‘p qismida Kano-Kristales daryosi oddiy ko‘rinishga ega, lekin yozda u rangli suratli gilamga aylanadi-qoladi. Bunday g‘ayrioddiy hodisa daryoni qizil, ko‘k, yashil va sariq ranglarda bezab turgan noyob turli suv o‘tlarining gullashi tufayli sodir bo‘lishi mumkin.
Mahalliy afsonalar sharsharalar tizmasi ostida La Mojjanna (Suv onasi)ning xazinasi yotishi to‘g‘risida so‘zlaydi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.