Ulug‘ Umra ziyorati: Hayajonli uchrashuv

Shu kuni peshingacha mehmonxonada dam olib, charchog‘imizni chiqardik, Tushlikdan so‘ng men mehmonxonamizdan to Ka’bagacha bo‘lgan masofani piyoda chamalab chiqdim.

Yo‘l qariyb bir soatlik vaqtimni oldi. Keyin mehmonxonadagi kichik masjidda asr namozi o‘qilib bo‘lingach, yo‘lboshchimiz Abdulboriy bizni bir piyola choy ustida uchrashuvga taklif qildi. Tadbir shahar chetidagi sport maktabining katta zalida o‘tkazildi. Men bir narsaga amin bo‘ldimki, Saudiya Arabistonida jismoniy tarbiya va sportga e’tibor katta ekan. Makka shahrida ham stadionlar va sport zallari ko‘p.

Uchrashuvimiz turli mavzularda suhbat va savol-javoblar bilan qiziqarli o‘tdi. Majlis oxirida mezbonlar bizni Qur’on kitobi, joynamoz, turli yeguliklar va shirin choy bilan siylab, xursand qilishdi. Shom namozi birgalikda o‘qilib bo‘lingach, shu joyning o‘zida dasturxonlar yozilib, arabcha usulda pishirilgan sergo‘sht palov tortildi. Bu oshning biznikidan farqi shundaki, sabzi solinmas ekan.

Men makkaliklarning biz, o‘zbekistonliklarga ko‘rsatgan bu e’tibor va iltifotini buyuk hadisshunos olim Imom Buxoriyning yurtdoshlariga ko‘rsatilgan e’zoz-e’tibor deb tushundim. Umuman, ziyorat davomida bizni buxoriylardan ekanligimizga alohida diqqat-e’tiborni sezib, bilib turdik.

Uchrashuvga borib kelish asnosida bir nechta tunnellardan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu yer osti yo‘llarini Makkatulloning o‘ziga xos metrosi degan bo‘lardim. Ular shaharning turli chekkalariga olib chiqadigan yo‘llarni bir-biri bilan bog‘lab turadigan belbog‘lar ekan. Tog‘li relf sharoitida shahar ko‘chalarini tutashtirishning o‘zga chorasi yo‘q. Faqat, bu o‘rinda injenerlarning ilmiy saviyasi va quruvchilarning ulkan mehnatiga qoyil qolmasdan boshqa iloj yo‘q. Saudiya Arabistonida keyingi davrlardagi qurilish industriyasining jadal taraqqiyoti Makkadagi yangi inshootlar, yo‘llar, ko‘priklar misolida yanada yorqinroq ko‘rinadi.

Velosiped bilan Makkaga

Ha, menga o‘xshagan velosiped sayohatiga ishqiboz odamlar dunyoda yana bor ekan. U kishi mendan farqli o‘laroq, hajga “velik” bilan borish orzusini chindan ham amalga oshirgan. Bu inson bilan Makka shahridagi yashab turgan mehmonxonamizda uchrashib qoldim.

Akmalxon ota Ahmedov 71 yoshda bo‘lsalar ham tetik, g‘ayratli, chol deyishga tilim bormayapti. Chunki u kishining g‘ayrat-shijoatiga har qanday yigit havas qilsa arziydi. Shu yil may oyida velosiped bilan cho‘ntakka atigi 200 yuz dollar solib Qo‘qon shahridan yo‘lga chiqqan eshon bobo Qoraqalpog‘iston orqali Qozog‘istonga o‘tib, Aktyubinsk shahrigacha boribdilar. U yerdan saxovatpesha insonlar otaxonni velosipedlari bilan qo‘shib Istanbulga uchirib yuboribdi. Otaxon Istanbuldan Van shahri orqali Eronga o‘tmoqchi bo‘libdilar. Ammo eronliklar u kishiga chegaradan o‘tishga ruxsat bermabdi. Tinib-tinchimas sayohatchimiz yana orqaga Istanbulga qaytishga majbur bo‘libdilar.

Bir necha ming kilometrlik yo‘l zoye ketibdi. Istanbulda yashovchi bir qiz u kishining holidan xabardor bo‘lib, ota-bola tutinishibdi va Akmalxon otaga to‘qson kunlik viza ochtirib, qo‘llariga pul berib hajga jo‘natibdi. Ming-ming chaqirim yo‘l bosib qiynalibsiz, endi samolyotda uchib maza qiling, debdi. Biz Makkada bo‘lib turgan vaqtimizda u kishi guruhimizga qo‘shilib oldi. Berilgan viza muddati 27 dekabrda tugar ekan. O‘shanda Istanbulga qaytaman, tutingan qizimning uyidan velosipedimni olib, yana Qo‘qonga ravona bo‘laman, dedilar eshon bobo.

Xullas, hayotda biz ibrat olishimiz mumkin bo‘lgan odamlar behisob ekan. Tinib-tinchimagan bu inson biz Makkadan ketishimizdan uch kun ilgari yana Madina sari otlanib qoldilar. Endi qachon Makkaga qaytasiz, deb so‘raganimda “Mening ziyoratimni muddati yo‘q”, deya hazillashdilar. U kishi bilan 7 oktyabr kuni quchoqlashib xayrlashdik.

Ziyorat va sayohat

5 oktyabr ertalab Makkatullohning ziyoratgoh joylari bo‘ylab sayohatga chiqdik. Dastlab Savr tog‘i etagida guruhboshimiz Abdulboriydan bu yerda sodir bo‘lgan tarixiy voqealar haqida tingladik. So‘ng Arofat tog‘iga borib, Hazrati Odam bilan Momo Havo uchrashgan joyni ziyorat qildik. Undan keyin Mino vodiysiga tushib, haj kunlarida ziyoratchilar yashaydigan ulkan chodirli shaharni tomosha qildik.

Chodirli shahar adog‘ida qurbonliq qo‘ylar so‘yiladigan ulkan kushxonani ko‘rsatishdi. Oxirida payg‘ambarimizga ilk ilohiy vahiylar tushgan Nur tog‘i etaklarida bo‘ldik. Muhtarama Xadicha onamiz yotgan qutlug‘ qabristonni ziyorat qilib, peshin namozidan oldin "Nuxba al Xayr" deya atalmish vaqtinchalik xonadonimizga qaytdik. Men o‘zimcha mehmonxonamizning nomini "Baqala" deb qo‘yib oldim.

Shundoqqina mehmonxonamiz yonidagi do‘kon peshtoqiga shu so‘z katta qilib yozib qo‘yilgan. Menimcha, baqala "baqqollik" degani bo‘lsa kerak. Nima bo‘lganda ham, ana shu bitik men uchun asosiy belgi bo‘ldi. Har gal shu yozuv paydo bo‘lgach, avtobusdan tushishni odat qildim. Aks holda bu gavjum shaharda adashib ketish hech gapmas. Shu bois xalq orasida adashmagan hoji hoji emas, degan hazilomuz naql yuradi. Yuqorida yozganimdek, Xadicha onamiz yotgan, shunday tabarruk insonlarning mozorlarida ham birorta ko‘zga ko‘rinarli yodgorlik yoki obidani ko‘rmadim. Tep-tekis yer ustida u yer-bu yerda oddiy toshlar terib qo‘yilgan, xolos.

Peshindan keyin dam olib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldik. Shunday qilib, Makkatullohdagi yana bir kunimiz o‘tdi. Bu kun yana shunisi bilan yodimda qoldiki, qishlog‘imizning bosh xabarchisi Dilshod jarchining telegram kanali orqali tarqatilgan bir joyda o‘ynab, bir joyda ulg‘ayib, bir joyda o‘qigan yaqin sinfdosh o‘rtog‘im Yo‘lchiboyning vafoti haqidagi sovuq xabar shu olis joylargacha yetib keldi. Yo‘lchiboy do‘stim anchadan buyon bemor bo‘lib yotib qolgandi. Men ham yaqin qo‘shnim, ham yaqin do‘stimning o‘limidan g‘oyat mutaassir bo‘ldim va tabarruk tuproqda turib uning haqiga duoyi xayrlar qildim. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Ilohim, Alloh senga firdavsi a’lodan joy ato etgan bo‘lsin, Yo‘lchiboy do‘stim.

Xudoyberdi Komilov.

(Davomi bor)