Urganchdagi bog‘cha tarbiyachisining bolalarni urgan holati bilan bog‘liq video tarqaldi
Joriy yilning 24 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Urganch tumanidagi 2-maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi S.S. tomonidan o‘zi rahbarlik qiladigan guruh tarbiyalanuvchilariga nisbatan kuch ishlatayotgani yuzasidan video tarqalmoqda.
Xorazm viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasining Urganch tumani bo‘limi ushbu holat bo‘yicha dastlabki o‘rganish ishlari boshlangani haqida ma’lum qildi.
Barcha zarur choralarni qo‘rish maqsadida hamda ushbu holat yuzasidan MTTdagi bolalarga nisbatan qo‘llanilgan noqonuniy xatti-harakatlar bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralariga qonuniy chora ko‘rish, mavjud ma’lumotlarni taqdim qilish uchun shu MTTdagi videokuzatuv kamerasi xotirasi saqlangan xona muhrlandi.
Bugun, 25 oktyabr kuni soat 16:00 da Urganch tumanidagi 2-MTTda tarbiyalanayotgan bolalarning ota-onalari hamda ushbu MTT kuzatuv kengashi a’zolari uchun umumiy yig‘ilish chaqirilishi belgilandi.
Shuningdek, bolalarga nisbatan noqonuniy xatti-harakat olib borgan va kuch ishlatgan Urganch tumanidagi 2-MTT tarbiyachisi (videotasvirdagi) S.S.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha ariza bilan Xorazm viloyati prokuraturasi va Urganch tumani prokuraturasiga murojaat qilinishi bildirilgan.