Urgut tog‘laridagi mo‘’jiza qanday yaratilgan?

Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Ushbu hujjat asosida suv tejamkor texnologiyalarni joriy etgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga paxta va uzumzorlarning 1 gektariga 8 million so‘mdan subsidiya ajratish belgilangan.

Mevali bog‘larga 6 million so‘m, dukkakli va ozuqa ekinlarining gektariga 2,5 million so‘mdan subsidiya mablag‘i ajratiladi. Xo‘jaliklar olingan subsidiya mablag‘larini birinchi yilda tadbiq etmasa mablag‘ni to‘liqligicha va beshinchi yilda 20 foizi davlat byudjetiga qaytariladi.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi va Urgut tumani bo‘limi tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etgan press-tur Urgutda suv tejovchi texnologiyalar yordamida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish mavzusida bo‘ldi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab «Intensiv Eko Garden» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tomonidan Turkiyaning zamonaviy suv tejamkor texnologiyasi asosida barpo etilgan 110 gektarlik intensiv bog‘ bilan tanishdi. Mazkur xo‘jalikda Turkiya texnologiyasi asosidagi suv tejovchi texnologiyalar yordamida 50 gektar gilos, 10 gektar nok va 50 gektar maydonda ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbir ishtirokchilari tumanning Qoratepa mahallasida “Fresh Frutes” fermer xo‘jaligi tomonidan 115 gektar maydonda barpo etilgan “Chandler” navli yong‘oqzor plantatsiyasida suv tejamkor texnologiyalarning  joriy etilganligi bilan ham tanishdilar. Bir necha yil avval suvsizlikdan faqat tikan o‘sadigan maydonda hozir ko‘zni quvnatadigan bog‘ barpo etilgan.  

- Xo‘jalikka qarashli 1,30 gektarli issiqxonada yiliga 70-80 ming dona yong‘oq, boshqa ko‘chatlar bilan birga yiliga 1 million dona ko‘chat tayyorlanadi, - deydi xo‘jalik bosh agronomi Sami Xolboboyev. – Dastlab ulardan yong‘oq ko‘chatlarni olib keldik, lekin bir dona ko‘chat qariyb 7 dollarga tushdi, keyin arzonroq ko‘chat yetishtirish uchun shu yerda ko‘chat tayyorlashni tashkil qildik. Ko‘chatchilikni Turkiyaga borib o‘rganib kelib keyin boshladik, hozir biz ularning texnologiyasi asosida ko‘chat tayyorlayapmiz. Dalaga oddiy mahalliy navdaga yong‘oq ekamiz, bir yildan keyin kovlab olib, boshqa navga payvand qilamiz. Payvandni avval dalaning o‘zida sinab ko‘rdik - samara kam, avgust oyida payvandlab ko‘rdik - kutilgan natija bo‘lmadi. Keyin mart-aprel oylarida issiqxonada 15-28 darajada payvandlab ko‘rganimiza natija yaxshi bo‘ldi.  

  

Tumanda mazkur yo‘nalishdagi yana bir istiqbolli loyiha - «Akramobod zamin bahori» fermer xo‘jaligida Turkiyaning «Toros» kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 3,5 million AQSh dollari miqdoridagi sug‘orilmaydigan lalmi yerda 200 gektarlik zamonaviy intensiv bog‘  yaratilmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaligi tomonidan loyiha qiymati 3,5 million AQSh dollari bo‘lgan «Invetro» laboratoriyasi qurilmoqda. Keyingi yildan faoliyat boshlaydigan laboratoriyada yiliga 5 million dona mevali ko‘chat tayyorlanadi. Bu esa chetdan ko‘chat import qilishga hojat qoldirmaydi.

«Fruktovaya karzinka» fermer xo‘jaligida mahalliylashtirish dasturi asosida suv tejovchi texnologiyalar uchun turli o‘lchamdagi beton ustun (shpaller)lar, brezent qoplamalar, turli o‘lchamdagi plastmassa quvurlar ishlab chiqarilmoqda.

Shu yerda Urgut tumani hokimining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Begzod Tugalov tumanda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

- Tumanimizdagi 24,5 ming gektar sug‘oriladigan maydon uchun 173 million metr kub suv kerak, limitimiz esa 147 million metr kubni tashkil etadi, - deydi B.Tugalov. – Ko‘rinib turibdiki, bu masala yechimida suv tejovchi texnologiyalar yordam beradi. Shu bois tumanimizda 1205 gektar o‘rniga imkoniyatdan kelib chiqib 3 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish belgilandi. 2021-2022 yillarda 155,6 milliard so‘mlik 58 ta loyiha amalga oshirilishi hisobidan yana 400 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yilning birinchi chorak yakunigacha tumanimizda jami 3 850 gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi.

Joriy yilda 223 ta fermer xo‘jaligi tomonidan qiymati 67,8 milliard so‘mga teng loyihalar amalga oshirilib, 3 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatiladi. Buning natijasida elektr energiyasi 30 foiz, mineral o‘g‘itlar 45 foiz va yoqilg‘i moylash materiallari 35 foizga kamayadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti sezilarli darajada ortadi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.