Urgut tumanida suv havzasi bor, ammo sharoit...
Tumanlarda suv sportiga bo‘lgan e’tibor qay ahvolda? Bolalar-o‘smirlar sport maktabida bugun qancha yoshlar mashg‘ulotlar bilan band, ularga yaratilgan sharoit qanday? Shu kabi savollarga javob izlab Urgut tumanida bo‘ldik.
Tumandagi 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida yengil atletika, badminton, kurash, stol tennisi, karate, turon va erkin kurash, voleybol, suzish, taekvondo VTF, futbol, basketbol, o‘zbek jang san’ati, karate VKF kabi sport turlari bo‘yicha ming nafardan ortiq yigit-qizlar mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
2015 yilda foydalanishga topshirilgan yopiq suv havzasidamiz.
- Havzamizda 160 nafar yoshlar ishtirokida soat 8:00 dan 18:00 gacha besh guruhda dars mashg‘ulotlarini olib boryapmiz, - deydi murabbiy Gulnora Hushvaqtova. – Yaqinda bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan suzishni o‘rganuvchilar uchun 20 dona maxsus taxtacha, 50 dona ko‘zoynak, 20 ta qutqaruv kamzuli, 30 ta cho‘kib ketishning oldini oluvchi belbog‘, 30 ta maxsus bosh kiyim, bitta suvni tozalovchi moslama olib kelindi. Biroq bu jihozlarning sifati yaxshi emasligi sababli tezda yaroqsiz holga kelib qolmoqda.
Murabbiy suv harorati 21 daraja ekanligini aytgan bo‘lsada, suv sovuqligi bolalarning yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Havzaga biriktirilgan tibbiyot xodimi A’zam Abdurasulov esa aslida suv harorati 24 darajadan kam bo‘lmasligi kerakligini bildirdi.
Sport maktabining sport zalida tozalik talab darajasida emas. Zalni yorituvchi 12 ta chiroqning 5 tasi ishlaydi. Yoshlarning kiyim almashtirish xonasida jihoz yetishmaydi, borlarida ham ilgichlar yo‘q. Yuvinish xonasi bu yaqin kunlarda ochilmaganligi shundoqqina bilinib turibdi. Antisanitar holat yuzaga kelgan, suv tarmoqdan uzilgan, yoritkich chiroqlari yonmaydi.
Bu holatni tuman 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Oybek Hakimov kamchiliklarni ikki-uch kun ichida tuzatamiz, deb izohladi. Lekin bu gapga ishonish yoki ishonmaslikni bilmadik.
Viloyatimizda suv sporti rivojlanayotgan bir paytda yarim milliondan ko‘proq aholi yashaydigan Urgutda bu sport turiga bo‘lgan e’tibor sustdek taassurot uyg‘otdi bizda.
Husan ELTOYeV.