Urgutda 122 ta oila yarashtirildi, Jomboyda mas’uliyatsiz ota 15 sutkaga qamaldi

Payariqlik qarzdor O.Quvondiqov bilan atroflicha suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilganda, u farzandi ta’minoti uchun voyaga yetgunicha hisob-kitob qilingan 22 million 729 ming so‘m pulni to‘lab bergan va mazkur ijro ishi tamomlangan.

Biroq Y.Sobirov bir necha marta ogohlantirishlarga qaramasdan, 5 million 868 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lamagan.

Mazkur ijro hujjati asosida Y.Sobirovning mol-mulkini aniqlash maqsadida tegishli idoralariga so‘rov xatlari yuborilganda qarzdor nomiga rasmiylashtirilgan mol-mulk aniqlanmagan. Uning aliment qarzdorligini undirish imkoni bo‘lmaganligi sababli, to‘plangan hujjatlar ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rishlik uchun Jomboy tumani ma’muriy sudiga yuborilgan. Sudning qarori bilan qarzdor Y.Sobirovga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.

Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan ajrashgan otalardan aliment qarzdorligini undirish, shu bilan birga, ajrashish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish borasida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Majburiy ijro byurosi Urgut tumani bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining N.Mamasoliyevdan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatiga asosan, mavjud qarzdorlikning to‘lanishini ta’minlash bilan birga, N.Mamasoliyev va qarz oluvchi F.Sultonova bilan o‘tkazilgan suhbatlar, tushuntirish ishlari natijasida ular o‘rtasidagi kelishmovchilikka chek qo‘yildi.

Shuningdek, bir nafar farzandi uchun aliment to‘lashi belgilangan, o‘zaro janjallashib yurgan S.Ahatqulov va Z.O‘rozova ham tushuntirish ishlari natijasida yarashib oldi.

Umuman, pandemiya davrida Urgut tumanida Majburiy ijro byurosi xodimlarining sa’y-harakati bilan ajrashgan, ajrashish yoqasida turgan 122 ta oila yarashtirildi.

Er-xotin munosabatlarining tiklanganligi, oilalar yarashganligi munosabati bilan qarz undiruvchilarning arizasiga asosan, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bekor qilindi.

 

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.