Urgutdagi 3-akademik litsey binosida SamDUning aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Samarqand davlat universiteti huzuridagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlaydi. Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabga Urgut tumanida faoliyati tugatilgan SamDU qoshidagi 3-akademik litsey binosi ajratildi. Bu haqda viloyat hokimining 2020 yil 7 dekabrdagi 195-Q-sonli qarorida belgilandi.

Shuningdek, viloyatdagi akademik litseylarda har oyda kamida bir marotaba bevosita oliy ta’lim muassasasi rahbarlari tomonidan akademik litsey xodimlari va o‘quvchilari ishtirokida “rektor soati” o‘tkazib boriladi.

Qarorga ko‘ra, akademik litseylarga ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish, o‘quv-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari akademik litseylar ta’lim yo‘nalishlariga biriktiriladi. Biriktirilgan kafedralar professor-o‘qituvchilari unifikatsiya qilingan fanlar bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib boradi.

Xurshida ERNAZAROVA.