Urgutdagi egasi yo‘q kanalizatsiya yoki ariqda oqayotgan qo‘lansa oqova
"Benzakolonka malikasi" filmida bir epizod bor, unda daryo ustidagi buzuq ko‘prikni tuzatish lozim bo‘lganda egasi chiqmaydi. Ko‘prik ikkita rayon chegarasida joylashgani uchun har ikkala rayon kattalari ham "ana qo‘shnim tuzatsin" deb muammoni o‘zlaridan soqit qilishadi. Ayni shu kunlarda Urgut shahrida, katta ko‘cha yoqasidagi muammo ham ana shunday, "sen-menga sol" bo‘lib hal bo‘lmay kelayapti. Natijada esa odamlar noxush vaziyatga tushib qolayaptilar.
Bundan 20 kun avval Urgut shahridagi bir muammo yuzasidan murojaat bo‘lgan edi. Muammo shundaki, Urgut shahridagi Navoiy shoh ko‘chasida joylashgan axlat quvuri qopqog‘idan qo‘lansa oqova suv oqayotgan ekan. Bugun qayta murojaat qilishdi. Voqea joyiga borsam, haqiqatdan kanalizatsiya quvuri qopqog‘idan odamlar hojatda ishlatayotgan oqova suv oqib chiqayapti va qo‘lansa hiddan atrofda turib bo‘lmaydi. Eng qizig‘i, o‘sha qo‘lansa hidli oqova suv ko‘cha chetidagi beton ariqqa tushayapti va uyog‘i qayerga qarab ketayapti, ochig‘i bilmayman. Bilganim, qayergacha borsa ham atrofga qo‘lansa hidni tarqatib ketayapti.
Shundan so‘ng kanalizatsiya qopqog‘idan nega bunday qo‘lansa oqova suv oqayotgani sababini bilish uchun Urgut tuman "Suvoqova" tashkilotiga bordim. Meni qarshilagan ushbu tashkilot xodimining aytishiga qaraganda ushbu muammo ularning tashkilotiga tegishli emas.
- Yaqinda Urgut shahrida yangi kanalizatsiya quvurlari tortildi. O‘sha ishga tushsa bizning balansimizga o‘tadi. Eskilari bizga qaramaydi. Ularni borib o‘sha hududga xizmat qiladigan Uy-joy mulkdorlari shirkatidan so‘raysiz, - dedi.
Shundan so‘ng aynan qo‘lansa oqova suv oqayotgan hududdagi uylarga xizmat ko‘rsatadigan "Zuhra-Sanam Hududiy uy-joy mulkdorlari shirkati (HUJMSh) rahbari Najmiddin Obloqulov bilan shu muammo xususida suhbatlashdim. Aytishicha, muammodan uning xabari bor. Ammo, bu muammo unga ham tegishli emas ekan. U faqat o‘sha hududdagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatar ekan, ammo ko‘chadagi kanalizatsiya quvurlarini ta’mirlash uning xizmat vazifasiga kirmas emish. "Unda bu muammo kimga tegishli?" degan savolimga "Ushbu muammoning egasi yo‘q" deb javob berdi va so‘ng batafsil izoh berdi:
- Men boshchilik qilayotgan shirkatning vazifasi faqat ko‘p qavatli uylarning ichki va tashqi ko‘rinishlariga, shuningdek, ichki quvur tizimiga xizmat ko‘rsatish. Garchi o‘sha ko‘chaga oqayotgan qo‘lansa oqova suv bizning shirkat xizmat ko‘rsatadigan ko‘p qavatli uylardan oqib chiqayotgan bo‘lsa ham uni to‘g‘irlash bizning vazifamizga kirmaydi. Chunki u uy joylashgan hududdan ancha uzoqda, katta yo‘l yoqasida. O‘rtada savdo do‘konlari bor. Qisqasi bizning shirkat xizmat ko‘rsatadigan hududdan tashqarida. Oldinlari boshqa joylarda shunday vaziyat yuzaga kelganda odamgarchilik yuzasidan men zarur texnikalarni olib borib kanalizatsiya quvurini sozlatganman. Buni ham shunday qilaman, lekin foydasi yo‘q. Sababi, oldin shunday holat yuz berganda faqat bitta ko‘p qavatli uyning quvuri yorilgan yoki nimadir tiqilgan va biz uni sozlagan edik. Hozir siz ko‘rgan quvurni esa sozlashning ham, nimadir tiqilgan bo‘lsa ochishning ham iloji yo‘q. Chunki hozir qo‘lansa oqova suv oqib chiqayotgan joyda umumiy yettita uyning oqova suvi chiqadigan quvur yorilgan yoki quvurga nimadir tiqilgani uchun qo‘lansa oqova suv sizib chiqayapti. Agar hozir quvurni ochib yorig‘ini yamab yoki suv sizib chiqayotgan joyni to‘g‘irlagan bilan quvurni yo‘li ochilmasa qo‘lansa oqova suv yana urib chiqaveradi, - dedi u.
- Unda nima qilish kerak, muammoning yechimi bormi yoki qo‘lansa hidli oqova suv oqib chiqib, so‘ng beton ariqqa tushib to oxirgi oqib boradigan joyigacha hammayoqqa qo‘lansa hid tarqatib yotaveradimi? - dedim unga.
- Muammoning bir yechimi bor. U ham bo‘lsa yaqinda Urgut shahri bo‘ylab tortilgan yangi kanalizatsiya quvuri tezroq ishga tushsa va ko‘p qavatli uylar oqova quvurlari o‘sha kanalizatsiya quvuriga ulansa muammo hal bo‘ladi. Ammo, yangi kanalizatsiya quvuri qachon ishga tushishini bilmayman. Bilganim shu-ki u shu paytgacha ishga tushgan bo‘lishi lozim edi. Ungacha esa muammoning yechimi yo‘q.
Shundan keyin ana shu qo‘lansa oqova suv oqayotgan hududdagi bir nechta savdo va xizmat ko‘rsatish do‘konlarining egalari bilan gaplashdim. Ularning aytishlaricha, shu qo‘lansa oqova suv oqib chiqishni boshlagandan beri uning qo‘lansa hidiga toqat qilib, do‘konlarda o‘tirib savdo qilib bo‘lmayapti. Ammo, ularning o‘sha qo‘lansa hidda o‘tirib savdo qilishdan boshqa chorasi yo‘q.
Endi muammoga kelsak, aslida bu muammo mutasaddilar takrorlaganday hal bo‘lmas muammo emas. Uni bartaraf etish uchun ozgina hafsala va mehnat kerak xolos. Ammo, Urgut tuman "Suvoqova" tashkiloti ham, qo‘lansa suv oqib yotgan hududdagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatadigan shirkat ham "biz o‘sha quvurni ta’mirlaganimiz uchun birov bizga bir tiyin ham to‘lamaydi" deb, o‘zini olib qochayapti xolos.
Biz mazkur muammo yuzasidan Urgut tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.O‘roqovga ham qo‘ng‘iroq qildik. Ammo, hokim o‘rinbosari qayerdadir xizmatda yurgan ekan, aloqa o‘ta yomonligi uchun u bilan gaplasha olmadik.
Mazkur muammo bir qaraganda arzimas bo‘lib ko‘rinadi. Ammo, bir oydan beri qo‘lansa oqovaning beton ariqqa tushib hammayoqni qo‘lansa hidga to‘ldirishi bu kichkina muammo ham emas.
Shunday ekan, ushbu muammoning yechimi yuzasidan Urgut tumanidagi mutasaddi tashkilotlardan ijobiy javob kutib qolamiz.
G‘ayrat Yo‘ldosh.