Urgutdagi Kamongaron mahallasidan 3 ta mahalla ajralib chiqdi
Yil sayin aholi sonining ortishi yangi mahallalarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Yaqinda Urgut tumanidagi bir qator mahalla fuqarolar yig‘inlaridan yangi mahallalar ajralib chiqdi.
Bu haqda viloyat hokimligi huzuridagi geografik ob’yektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Xususan, Katta Torinjak mahallasidan Quyi Torinjak mahallasi, Quyi Algar mahallasidan Mustaqillik mahallasi, Qayroqli mahallasidan Yangihayot mahallasi, O‘roqboyjar mahallasidan Quyi O‘roqboyjar mahallasi ajralib chiqdi.
Shuningdek, Bog‘ishamol mahallasidan Istiqlol va Binokor mahallalari, Vag‘ashti mahallasidan O‘rta Vag‘ashti, Yangi Vag‘ashti mahallalari, Kamongaron mahallasidan Katta Kamongaron, Quyi Kamongaron, Xo‘ja Ahror Vali mahallalari ajralib chiqdi.
Bundan tashqari, Jartepa, Vatak mahallalaridan Zarafshon mahallasi ajralib chiqqan bo‘lsa, Mirzabog‘lon-Chep mahallasi Mirzabog‘lon hamda Chep mahallariga bo‘lindi.
Urgut tumanidagi O‘ramas, Vatkan Qo‘zibek, Chag‘izmon, Dehqonobod, Murodqishloq, Xo‘jayduq, Bunyodkor, Ipakli mahalla fuqarolar yig‘inlaridan yangi mahalla ajralib chiqishi uchun berilgan takliflar Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4 martdagi “Shaharlar, posyolkalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish, ularga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq rad etildi. Sababi, ushbu qarorga ko‘ra, mahallada 1500 ta oila istiqomat qilsa, yangi mahalla tuzilmaydi. Oilalar soni 1500 dan ortganida yangi mahalla tuzishga ruxsat beriladi.
Xurshida ERNAZAROVA.