Urgutdagi ming yillik chinorlar kesilmaydi, aksincha u yerda 9 milliard so‘mdan ortiq qurilish ishlari olib borilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanining Chorchinor ziyoratgohidagi ming yillik chinorlar kesilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Maqola va kesilgan chinorlar aks etgan suratlar bo‘yicha fikr-mulohaza va munosabatlar bildirildi.
Vaziyatni joyida o‘rganish maqsadida Chorchinor ziyoratgohida bo‘ldik. Maskanda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdik. Ziyoratgoh xodimlari, quruvchilar bilan suhbatlashganimizda xabar va suratdagi manzara o‘z isbotini topmadi. Har qanday kishining hayratiga sabab bo‘ladigan buloq ham yopib qo‘yilmagan, zilol suv oqib turibdi.
- Biz bu ziyoratgohni vayron qilish emas, obod qilish harakatidamiz, - deydi majmua rahbari Nodir Tursunov. - Bugungi kun talabidan kelib chiqib, 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga zamonaviy mehmonxona, muzey, qo‘shimcha maqbara, tahoratxona va qadamjoga mos tarzda turli xil ko‘rinishdagi yo‘laklar quryapmiz. Chinorlardan birining kichik shohi sinib, osilib qolgani ziyoratchilarga xalaqit berayotgani bois tuman ekologiya va tabiatni muhofaza qilish bo‘limi ruxsati bilan uni kesib oldik. Biroq kimdir buni noto‘g‘ri talqin qilib, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.
Majmua rahbarining gaplaridan so‘ng u aytgan daraxtni ko‘rdik. Haqiqatan ham chinorning kichik shoxi sinib, keyin olib tashlangani ko‘rinib turibdi.
- Qo‘shimcha binolarni qurish ishlari hududning chekka qismlarida olib borilayotgani bois, birorta chinorga zarar yetmaydi, - deydi "Mohlioqila" xususiy korxonasi ish boshqaruvchisi Xurshid Qulmatov. - Hatto, chinorlarning ayrimlari zich joylashgani uchun ularga zarar yetkazib qo‘ymaslik maqsadida kichik, ixcham texnikalardan foydalanyapmiz. Qurilish ishlarini joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakuniga yetkazamiz.
Abdujabbor PO‘LATOV.