Urgutdagi savdo do‘konidan 24 million so‘m o‘g‘irlaganlar ushlandi
Joriy yil 13 fevraldan 14 fevralga o‘tar kechasi Urgut tumani Algar mahallasida joylashgan savdo do‘koni derazasini sindirib ichkariga kirgan noma’lum shaxslar do‘kon ichida bo‘lgan seyf qulfini buzib, 24 million so‘m pul va 9 turdagi, umumiy narxi 2 million 900 ming so‘mlik “Samsung Galaxy” uyali aloqa telefon apparatlarini o‘g‘irlab ketgan, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati.
Do‘kon egasi 14 fevral kuni Urgut tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qiladi va holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni shu mahallada yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan A.E. va N.M. sodir qilganligi aniqlanib, ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.