Urgutdagi Tersak turizm qishlog‘ida sayyohlar uchun qanday sharoitlar yaratilgan?
Urgut tumanida Tersak turizm qishlog‘ini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2021 yil 22 iyun kuni qishloq hududida 25 ta oilaviy mehmon uyi faoliyat boshladi.
Ushbu mehmon uylarida turistlar uchun, qishloqning tabiiy mahsulotlari, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, qishloqning etnik urf-odatlari namoyishi, agro-turizm yo‘nalishida chorvachilik, bog‘dorchilik hamda dehqonchilikning qadimiy uslublari namoyish etiladi.
- Tog‘ yon-bag‘irlarida dam olish maskanlarining tashkil etilishi sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qiladi, - deydi "Tersak sharsharasi" oilaviy mehmon uyi boshqaruvchisi Qo‘ysin Hasanov. - Qishlog‘imizga 2019 yilda 550 nafar xorijlik, 650 nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgandi. Pandemiya sababli keyingi ikki yilda hududda xorijlik sayyohlar umuman kelmadi. O‘tgan yilda turistlarga qulay sharoit yaratish maqsadida 25 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etildi. Bu mehmon uylaridan 17 tasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, hududga tashrif buyurgan sayyohlar tog‘ turizmi yo‘nalishida piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qilishi, qishloqning o‘ziga xos tabiati hamda urf-odatlari bilan tanishishi mumkin. Shuningdek, kelgusida turistlar qamrovini yanada ko‘paytirish maqsadida yana 9 ta mehmon uyi tashkil qilish ishlarini boshlab yuborganmiz.