Urgutlik haydovchi va YPX xodimlari o‘rtasidagi tortishuv aks etgan videolavha o‘rganildi (video)

2020 yil 27 yanvar kuni “Youtube” ijtimoiy tarmog‘ida “Samarqand...Metan zapravka Derzkiy GAI xodimi” deb nomlangan davomiyligi 17 daqiqa 51 sekunddan iborat bo‘lgan videolavha tarqaldi.

Videolavha Samarqand viloyati IIB tomonidan o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, unda tasvirlangan holatlar 2020 yil 16 yanvar kuni Samarqand tumani hududidan o‘tgan M-39 “Almati-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 1083 kilometrida joylashgan, avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchasi oldida sodir bo‘lganligi, lavhada ikki nafar YHXB xodimlari bilan bir necha fuqarolar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat va og‘zaki tortishuv jarayoni, haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma to‘ldirilganligi va haydovchi tomonidan barcha holatlar o‘z uyali telefoni yordamida videotasvirga olinganligi holatlari aks etgan.

Holat o‘rganilishi davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining  tegishli buyrug‘i talablariga asosan to‘ldirilib, tasdiqlangan Qaydnomaga asosan xizmat olib borayotgan Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmalari yo‘l-patrul xizmati bataloni yo‘l-patrul xizmati birinchi otryadi ikkinchi safarbar guruh yo‘l-patrul xizmati katta inspektori, M.Kurgonov hamda S.Elmuradovlar tomonidan gaz yoqilg‘isi quyish uchun ko‘plab haydovchilar navbatda turishi oqibatida hosil bo‘lgan tirbandlikni bartaraf etish hamda avtomobil yo‘lining qatnov qismida turgan transport vositalari tomonidan harakat xavfsizligiga xalaqit berilayotganligi sababli harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmatga jalb etilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu lavhalarni o‘z uyali telefoni yordamida videotasvirga olgan haydovchi Urgut tumani Jartepa MFYda yashovchi, T.T.S. “Yo‘l harakati qoidalari”ning 91-bandi talablariga amal qilmasdan, o‘ziga tegishli bo‘lgan “Damas” rusumli avtotransport vositasi bilan yo‘lning to‘xtab turish mumkin bo‘lmagan joyida to‘xtab turganligi sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 128x6-moddasi 1-qismi bilan UZ-19 seriyali 30-324960 raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, haydovchi T.S.T. unga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomaga imzo chekishdan bosh tortganligi sababli ikki nafar xolislar ishtirokida ushbu to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar 1-YPX otryadi ma’muriy amaliyot inspektoriga topshirilgan. Shuningdek, shu kuni xodim M.Kurgonov tomonidan ushbu haydovchidan tashqari, shu yerda “Yo‘l harakati qoidalari”ni buzgan boshqa 3 nafar haydovchilarga nisbatan ham ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand viloyati IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.