Urgutlik haydovchiga nisbatan YPX xodimining harakatlari to‘g‘rimi? IIB YHXB holatni tekshirmoqda
Kecha, 3 fevral kuni “Sizdan Telegram” kanalida “Bu holatda kim haq, kim nohaq? YPX xodimining harakatlarini to‘g‘ri deb baholaysizmi yoki....” nomli videolavha tarqaldi.
Ushbu videolavha Samarqand viloyati IIB tomonidan o‘rganildi.
Videolavha o‘rganilishi jarayonida ushbu holatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i talablariga asosan to‘ldirilib tasdiqlangan Qaydnomaga asosan, xizmat olib borayotgan Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmalari yo‘l-patrul xizmati bataloni yo‘l-patrul xizmati ikkinchi otryadi uchinchi safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori, safdor Otabek Achilovning Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek - Gagarin ko‘chalari chorrahasida xizmat olib borishi jarayonida Gagarin ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelib, piyodalar o‘tish yo‘lagida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Spark” rusumli avtomashinasida kelib to‘xtagan haydovchi, 1987 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan, Urgut tumani Sanchiqul qishlog‘ida yashovchi fuqaro J.A. bilan u tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik yuzasidan tortishgan. Shundan so‘ng haydovchiga tegishli bo‘lgan hujjatlarni olib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirganligi jarayoni aks etgan.
Haydovchi J.A. “Yo‘l harakati qoidalari”ning 91-bandi talablarini buzganligi sababli unga nisbatan YPX inspektori safdor O.Achilov tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 294-moddasida ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari tanishtirilganligi, haydovchi o‘zi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlikni tan olib, “piyodalar yo‘lagida yo‘l bermadim”, deb yozib berganligi aniqlandi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda ushbu holatga to‘liq oydinlik kiritish maqsadida Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.