Urush qatnashchisi Abdurahim otaga traktor va «Damas» sovg‘a qilindi
Ayni paytda Olmaliq shahridagi «Tojmahal» tantanalar majmuasida 2-Jahon urushi qatnashchisi Abdurahim ota Mavlonovning 100 yoshlik yubileyi bo‘lib o‘tayapti.
Marosimda Belorusiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi, Prezident adminstratsiyasi mas’ul xodimlari, Toshkent viloyati hokimligi va jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati.
Abdurahim Mavlonov 2-Jahon urushida Belorusiyani nemis-fashist bosqinchilardan ozod etishda qatnashgan, qahramonlik ko‘rsatgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi tashrif buyurgan barcha mehmonlarni qutlab, Abdurahim ota kabi mard, o‘tyurak insonlar bosib o‘tgan hayot yo‘li yoshlar uchun ibrat maktabi ekanini alohida ta’kidladi. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari O. Rustamov otaxonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘asi «Damas» rusumli mashina kalitini topshirdi.
Belorusiyalik mehmon o‘z so‘zida mamlakatni nemis-fashistlardan ozod qilishda ko‘rsatgan jasorati uchun Abdurahim ota Mavlonovga tashakkur izhor qildi. «Belorus xalqi va davlati siz kabi insonlarni hamisha yodda saqlaydi va unutmaydi. Shu yil 3 iyun kuni Belorusiyaning fashizm balosidan ozod qilinganiga 75 yil to‘ladi. Oradan qancha vaqt o‘tsa ham biz o‘sha og‘ir kunlarda xalqimizga yordam bergan sobiq ittifoq askarlarini sharaf bilan yodda saqlaymiz», dedi elchi janoblari.
Belorusiya tuprog‘ini nemis-fashist bosqinchilaridan ozod etishdagi qahramonona ishtiroki, tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan Abdurahim Mavlonovga Belorusiya xalqi va davlati nomidan zamonaviy rusumdagi MTZ seriyasiga mansub traktor hamda minnatdorlik maktubi, faxriy yorliq topshirildi.