Urushda 2 marta og‘ir yaralangan narpaylik Norbek ota 100 yoshni qarshilamoqda

Insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar yog‘dirgan Ikkinchi jahon urushi 152 ming nafardan ziyod samarqandliklarning hayotini izdan chiqarib, butunlay boshqa o‘zanga burib yubordi. Ularning 70 ming nafardan ortig‘iga kindik qoni to‘kilgan yurtiga qaytish nasib etmadi. Birkam 100 yoshni qarshilayotgan   narpaylik  Norbek ota Mardonov o‘zini eng omadli va baxti kulgan insonlardan biri deb hisoblaydi.

-  5 yil urushda bo‘ldim,  2 marta og‘ir yaralanib, kunim bor ekan, yana xizmatga qaytdim. Safdoshlarimning ko‘pchiligi ko‘z o‘ngimda jon berdi... u kunlarni hech kimning boshiga solgulik qilmasin!

Urushdan so‘ng maorif tizimida ishimni davom ettirdim. So‘ng  obodonlashtirish, savdo, kommunal xizmat sohalarida ham ishladim. Nasib etgan ekan, bugungi farovon kunlargacha yetib keldim. 9 nafar farzandim, nabira, evara, chevaralarim ardog‘idaman. Hukumatimizning,  yurtboshimizning  va  barcha-barcha yaxshi insonlarning e’tiboridan mamnunman. Bu kunlarning qadriga yetinglar, bolalarim, - deydi otaxon biz bilan suhbatda.

Darhaqiqat, bugungi kunimiz uchun ulardan minnatdormiz.