Ushla-ushla...
Salima opaning oyligini olgach, qilajak ishlari haqidagi shirin o‘ylari hisobchi olib qolgan puldan so‘ng barham topa boshladi.
- Nega olib qolyapsiz? Sababini aytasizmi?
- Borib rahbarlardan so‘rang, shunday topshiriq berishgan.
- Borib so‘raymanam! Har doim shunaqa. Bor-yo‘g‘i to‘rt yuz ming olaman. Erta tongdan kechgacha, yozda changga, qishda loyga botib ishlasam...
- Ertaroq kelish kerak-da ishga bunaqa iddao qilmasdan.
- Iye! Qachon kech kelibman?! - qizisha boshladi Salima opa.
- Bir kun kech kelgansiz. Ogohlantirgandim, esingizdami?
- Sababini aytgandim-ku sizga.
- Qoida hamma uchun baravar, opa. Kech keldingizmi, shu. Oylikdan o‘chiriladi. Buni men o‘ylab topmaganman.
- O‘sha kuni siz ham men bilan bir vaqtda kelgandingiz, o‘zingizdan ham ushladingizmi?
- Boshimni qotirmang! Aybingizni tan olmaslikni o‘rniga tug‘ilgan kun uchun ellik ming bering.
- Qanaqa tug‘ilgan kun?!
- Kelinoyining tug‘ilgan kunlari-chi?! “Nur” restoranida o‘tirgandik.
- Hay, sabil! Shuni aytsalaringiz bo‘lmaydimi? Ordona qolgur restoranga bormasdim.
- Kollektivdan ajrab-a?
- Borsam ham bir kiyim girbeshinmi, podxrustal idishmi olib borardim. Harqalay ellik ming bo‘lmasdi.
- Kelinoyining sovg‘angizga kuni qolmagan. Bu pulga o‘zingiz yeb-ichdingiz-ye!
- Voy, sho‘ri-im! Ellik mingni restoranda o‘tirib yeb-ichvordimmi? Bolalarim sho‘rliklarning rizqini qiyibman-ku. Hoy, menga qarang! Uni xo‘jayinning o‘zi ko‘tarmapmidi? Xotinining yubileyi ediku axir.
- Bilmayman. Menga xarajatni hammaga bo‘lib yubor deganlar.
Salima opa bo‘shasha boshladi.
- Rahbar ham shunaqa bo‘ladimi?
- Savolingizga javob olishni istasangiz o‘zlariga uchrashing. Menga aytishdi, qilayapman. Qilmasam o‘zimning oyligimdan ketadi.
- Yana bordir unda ushla-ushlalaringizdan? – kesatdi Salima opa.
- Ha, shu oyda ikkita tug‘ilgan kun bor. Yigirma besh mingdan. Keyin xonalarga parda tiktiramiz. Yangi yil bayramida xo‘jayin va’da bergandi esingizdami pardalarni yangilaymiz deb?
- Mening xonam bo‘lmasa, pardani boshimga uramanmi?
- Hamma xona sizniki-ku! – irshaydi hisobchi. - Hammasiga kirib chiqishdek baxt sizdan boshqaga nasib qilmagan. Hatto xo‘jayin ham sizdan “Opa, kirsam bo‘ladimi? Tozalab bo‘ldingizmi?” deb so‘raydi.
- “Bir daqiqa, Temir Po‘latovich, bitta stul qoldi, shuni tozalab yuboray”, degan kunlarim uchun ham “shtraf” bordir unda, a?!
- Qizishmang, opa. Menda nima ayb. O‘z vaqtida bajarilmagani uchun deb... ko‘p emas, opa, ozroq ushlab qol, degandilar. U kishini bilasizku, juda tartibli inson.
- Qancha?
- Qirq minggina.
Salima opa qo‘lidagi cho‘g‘i uchib borayotgan pullarni stolga qo‘ydi:
- Nimaga qanchadan olishing kerak bo‘lsa, o‘shalarni ol-da, qolganini ber.
- Hazillashmayapsizmi, opa?
- Yo‘q. Bitta qog‘oz bilan ruchkaga yetsa bo‘ldi qolgani.
- Shularni ham sotib olib o‘tirasizmi. O‘zim berib turaman. Rasxodga kiritib qo‘ysam, kelasi oylikdan berarsiz.
Salima opaning tobi qochib, muvozanatini yo‘qota boshladi. Qo‘lini cho‘zib “Ushla... ” dedi zo‘rg‘a. Hisobchi ham qo‘lini cho‘zdi, lekin pullarni ushlashga ulgurmadi...
Asliddin.