Usmonxon Alimov yana dunyoning eng nufuzli musulmonlari ro‘yxatidan joy oldi
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bu yilgi jahonning eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatidan joy oldi.
Ummonda joylashgan Sultonlik Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan shu yilning 30 sentyabr kuni "Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni" ro‘yxati e’lon qilindi.
Ushbu ro‘yxat 2009 yildan beri Amerikaning George Tovn universiteti qoshidagi Shahzoda Al-Valid bin Talal markazi bilan hamkorlikda muntazam ravishda chop etib kelinadi.
Dunyoning eng qudratli musulmonlari ro‘yxatini pokistonlik Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy boshlab beradi.
Ikkinchi o‘rinda Eron Oliy diniy ruhoniysi Oyatulloh Said Ali Homanaiy keladi. Abu Dabi valiahdi Zayd Al-Nahyon uchinchi o‘rinda.
Yuqori beshlikdan Iordaniya podshohi Abdulloh ibn al-Husayn va Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdul Aziz ol Saud joy olganlar.
Turkiya Prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘on oltinchi o‘rinda.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov bir necha yillardan buyon ushbu ro‘yxatdan joy olib kelmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham eng nufuzli musulmonlar qatoridan joy olgan.
Amaldagi UFS chempioni Habib Nurmagomedov ham taniqli musulmonlar ichida.
Ro‘yxatda musulmon liderlari yoki ulamolarining siyosatdan tortib din, matbuotdan tortib, san’at, ilm-fan va taraqqiyotga qo‘shgan hissalari ham inobatga olingan.
"Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni" ro‘yxati mualliflarining bildirishicha, bu kabi tadqiqotlar islom olamining dunyoga ijobiy ta’siri uchun xizmat qiladi. Odamlarning islom dinini yaqindan anglashlariga ko‘maklashadi.