O‘zi va yaqinlariga ziyon-zahmat yetkazmaydigan mo‘min uchungina haj ibodati farz bo‘ladi
Saudiya Arabistoni podshohligi hukumati tomonidan “Haj-2020” mavsumi bo‘yicha qabul qilgan qarori Islomning eng oliy rukni, ibodatlarning afzali bo‘lgan hajning joriy yil bexavf va bexatar o‘tishini ta’minlash yo‘lidagi birmuncha ayanchli, ammo to‘g‘ri qadam bo‘ldi.
Avvalo, mazkur qaror bu yil faqat podshohlik hududida istiqomat qilayotgan odamlar uchungina ulug‘ ibodatni ado etish imkonini beradi. Ammo bunday qarorga kelinishi musulmon dunyosining nufuzli muassasalari bo‘lmish Saudiya ulamolari kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Islom olami uyushmasi, Misrdagi “Al-Azhar” majmuasi va “Dorul ifto” fatvo hay’ati va ko‘plab boshqa ilmiy markazlar tomonidan yakdillik bilan ma’qullandi. Ular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi ham Saudiya Arabistoni hukumatining bu qarorini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, jamoatchilik kengashining maxsus yig‘ilishida joriy yilgi haj safariga borishni rejalashtirgan hamyurtlarimizning navbati to‘liq saqlangan holda keyingi yilga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Darhaqiqat, koronavirus butun dunyoda avj olayotgan, xususan, Saudiya Arabistonida kuniga o‘rtacha 4 ming kishi uni yuqtirayotgan, 35-40 kishi u tufayli hayotdan ko‘z yumayotgan murakkab sharoitda xorijdan hojilarni mamlakat hududiga kiritmaslik to‘g‘risidagi qaror eng oqilona ishdir. To‘g‘ri, haj eng ulug‘ amal, ammo hech bir inson o‘zini yonib turgan o‘tga tashlamaganidek, ayni paytda buyuk ziyorat uchun o‘zi va yaqinlari hayotini tahlika ostiga qo‘ymasligi kerak. Zero, salomatlikni asrash ham Yaratganning farzlaridan biridir.
Haj ibodatining esa o‘z talablari bor. Alloh taolo Qur’oni karimda “Odamlardan yo‘lga qodir bo‘lganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq vojibdir” (“Oli Imron” surasi, 97-oyat) deb marhamat qiladi. Ya’ni, sog‘lig‘i yaxshi bo‘lgan, hajga borib-kelishga oilasidan orttirgan mablag‘i bor, yo‘lida xavf-xatar yo‘q, bir so‘z bilan aytganda, o‘zi va yaqinlariga hech qanday ziyon-zahmat yetkazmaydigan mo‘min uchungina haj ibodati farz bo‘ladi.
Qadimda hajni niyat qilgan yoki Baytulloh sari qutlug‘ safarga chiqqan ayrim mo‘min-musulmonlar turli tasodiflar tufayli ziyoratni amalga oshira olmagani yoki yarim yo‘ldan ortga qaytgani, lekin shunga qaramay ularning bu ulug‘ ibodati Alloh taoloning dargohida ijobat bo‘lgani to‘g‘risida ko‘plab rivoyatlar bor. Masalan, ulug‘ alloma Abdulloh bin Muborak hajga ketayotib, Kufa shahrida o‘ta nochor bir oilaga duch keladi va bor mablag‘ini ushbu yo‘qsillarning kiyim-kechak va oziq-ovqati xaridi uchun sarflab yuboradi. Oqibatda safarni davom ettira olmay ortga qaytishiga to‘g‘ri keladi. Buni qarangki, uni kutib olgan hamyurtlari hojilik martabasi bilan muborakbod etarkan, alloma ulardan uzr so‘rab, hajni ado eta olmaganini bildiradi. Yaratganning karami shu qadar keng ekanki, ayrimlar unga e’tiroz bildiradi: “Vo ajab, axir, hajda birga bo‘lib, sizdan yordam oldim-ku”, “Tashna bo‘lib, charchab qolganimizda bizga suv berib, chanqog‘imizni bostirdingiz”, “Falon joydan sovg‘a-salom olib, bizga tortiq qildingiz...”. Shu zayl tunda tushida Abdulloh bin Muborakka sadaqa va ehsoni evaziga Parvardigorning huzurida haji qabul bo‘lgani ayon etiladi.
Ulug‘ ibodat niyatida bo‘lgan qadrli hamyurtlar! Barchamiz mavjud sharoitdan kelib chiqqan holda oqilona va odilona fikr yuritib, Saudiya Arabistoni hukumatining mazkur qaroriga to‘g‘ri baho beraylik va xolisona yondashaylik. Kelasi haj mavsumigacha Qodir Alloh har birimizga sabru jamil ato etsin. Oramizda yaxshi niyat bilan Abdulloh bin Muborakning xayrli amalini takrorlashni ixtiyor qilganlarga Yaratganning O‘zi hojilik maqomini berib, sadaqa va ehsoni vositasi ila ularni mana shu yuksak martabaga ko‘tarsin.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyat bosh imom-xatibi.