Uxan shifokorlari so‘nggi og‘ir ahvoldagi bemorni davoladi
Dastlabki koronavirus xuruji qayd etilgan Xitoyning Uxan shahri shifokorlari og‘ir ahvoldagi so‘nggi bemorni ham davolashdi. Bu haqda bugun, 24 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda XXR sog‘liqni saqlash tizimi vakili Mi Fen ma’lum qildi.
“Hozirgina kelib tushgan ma’lumotga ko‘ra, Uxanda koronavirus infeksiyasi oqibatida ahvoli og‘ir bo‘lib turgan bemor shifo topdi va hozirga kelib bu shahardagi og‘ir ahvoldagi bemorlarning soni nolga tenglashdi”, dedi Mi Fen.
Uxanda koronavirus xuruji boshlangandan buyon 50 mingdan ortiq kasallanganlar aniqlandi, kasallanganlarning 93 foizi sog‘ayishga muvaffaq bo‘ldi, 3869 nafar bemor vafot etdi.
Taqdim etilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, XXRda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni ayni vaqtda 915 nafarni tashkil etmoqda. Kasallanganlar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 8,3 ming kishi shifokorlar nazoratiga olingan. Shu bilan birga, mamlakatda 20 nafar fuqaroda koronavirus alomatlari kuzatilmoqda. Shifokorlar taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab kasallangan 915 nafar bemorning 57 nafarida kasallik og‘ir kechmoqda.