Uy-joy bilan bog‘liq yarim asrlik muammo qachon barham topadi?

Shu yil 2 iyul kuni viloyat hokimining Toyloq tumanida o‘tkazgan sayyor qabulida Ishtixon tumanining Xalqobod mahallasida yashovchi 75 yoshli Dilorom Abdurahmonova uy-joy masalasi, aniqrog‘i, turmush o‘rtog‘i bilan yashagan davrida barpo etgan uy-joydan o‘ziga tegishli ulushni olishda ko‘mak so‘rab murojaat qildi.

Bir qarashda murojaat mantiqsizdek. Nega, deysizmi? Chunki, D.Abdurahmonova so‘rayotgan uy-joyning tarixi 1970 yilga borib taqaladi. Oradan oz emas-ko‘p emas, 49 yil o‘tgan, u bilan bog‘liq voqealarni aniqlash, hujjatlarni topish, solishtirish oson emas. Ammo hokim onaxon murojaatini diqqat bilan tingladi. So‘ng bir guruh jurnalistlarga masalani joyida o‘rganib, haqiqiy holat bo‘yicha o‘z nuqtai nazarlarini bildirish, muammoni qanday yechish mumkinligi haqida surishtiruv olib borishni tayinladi. Shu asosda Ishtixon tumanida bo‘ldik.

Dilorom Abdurahmonovaning muammosi sanalgan uy-joy tumanning Bahrin mahallasida ekan. Tuman hokimining o‘rinbosarlari A.Hasanov va N.Yavqocheva hamrohligida ushbu manzilga bordik. Bugungi kunda bu hovli-joyda Ismatulla Karimberdiyev va Muhabbat Karimberdiyeva farzandlari bilan istiqomat qilar ekan.

Suhbat va taqdim etilgan hujjatlardan ma’lum bo‘ldiki, 1967 yilda Dilorom Abdurahmonova Bahrin mahallasida yashovchi Tilov Hojiyev bilan turmush qurgan va ikki nafar farzand ko‘rishgan. 1970 yilning 6 fevralida T.Hojiyev vafot etgan. Shundan so‘ng oradan to‘rt-besh oy o‘tib D.Abdurahmonova ota uyi - Xalqobod mahallasiga yashash uchun ketgan. Ammo u qaynonasi - Xolbuvi Pardayeva bilan aloqani uzmagan, hovliga kelib-ketib, yashab yurgan

- Rahmatli qaynonamning ikki nafar o‘g‘li bo‘lib, katta farzandi Quvondiq - mening qaynakam, Tilov - turmush o‘rtog‘im edi, - deydi D.Abdurahmonova. - Bu yerda bizda 12 sotixlik, turmush o‘rtog‘imning akasi Quvondiq Hojiyevda ham 12 sotixlik uy-joy mavjud edi. Qaynonam "Kelin, bu hovli endi Tilovjonimdan yodgorlik Alisherjonga tegishli. Katta bo‘lgach, shu yerda yashaydi", derdi. Men kasalxonada hamshira bo‘lib ishlash bilan birga qizim va o‘g‘lim Alisherni olib, kelib turardim. Alisher voyaga yetgach, uy-joylarni yangitdan qurdik. 1989 yilda uyimiz qarshisidagi xonadon - qaynakamga tegishli hovliga u kishining qizi Muhabbat va kuyovi Ismatulla ko‘chib keldi. Birga inoq yashadik. 1999 yilda qaynonam vafot etdi. Bir yil o‘tib, qizimga uy-joy qilish uchun bu yerdagi uyning ayrim qurilish materiallarini olib ketdim, ammo uyimning bir qismi, ayvon va molxonalarim bor edi. Shundan keyin Ismatulla va Muhabbat menga tegishli bo‘lgan shu uy-joyni buzib, qolgan qurilish materiallarini o‘zlari uchun ishlatib yubordi va uyim o‘rnini tekislab, bog‘ qildi. Men bu ishlari jinoyat ekani, ulushimni qaytarishlarini talab qildim. Biroq ular shu paytgacha unashmadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga murojaat qilsam, uy-joy uchun tuman hokimi qarorini taqdim qiling, deb qaytarishdi. Axir u paytlarda uy-joy uchun hokim qarori emas, "selsovet" qarori chiqarilardi. Sud bunga ahamiyat bermadi.

Shundan so‘ng Ismatulla Karimberdiyev va uning o‘g‘li Bahriddinning fikrlariga quloq tutdik.

- Men 1989 yilda oilam bilan shu hovliga ko‘chib kelganman, - deydi I.Karimberdiyev. - 1990 yildan buyon bu hovli-joyning yer va mulk soliqlarini to‘lab, yashab kelyapman. Dilorom Abdurahmonovaning bu uy-joydan ulush olish yoki mulkim bor, deyishga umuman haqi yo‘q. Chunki ular bu yerda emas, qishloqning boshqa joyi - yangi "selsovet"ning oldidan berilgan 12 sotix yer maydoniga ega hovlida yashashgan. Bu haqda 1961-1970 yillardagi "Chimqo‘rg‘on" qishloq sovetining xo‘jalik uy daftarida yozib qo‘yilgan. Tilov aka vafot etgach, Dilorom opa u yerdagi uy-joyni shu qishloq fuqarosi Egamberdi Rajabovga sotib, Xalqobodga ketgan.

- Men 1982 yilda tug‘ilganman, - deydi Bahriddin Karimberdiyev. - Esimni taniganimdan buyon Xolbuvi kattaonam bilan birga yashadim. Rahmatli kattaonam "Bu yerda Tilovning ham, ota-onangning ham haqi yo‘q, mening nomimda bo‘lgan bu joy seniki", derdi. Men 17 yoshimgacha u kishi bilan birga bo‘ldim, tarbiyasini, duosini oldim, doim yonida yurib, ulg‘aydim. Oqila ayol bo‘lgani uchun meni hech kimni norizo qilma, deya tarbiyalagandi, shuning uchun 1999 yilda kattaonam vafot etgach, Dilorom enamning bu uy-joyni buzib ketishiga qarshilik qilmadim. O‘shanda institutda o‘qirdim, kattaonamdan qolgan yer bo‘sh yotmasin, o‘tgan-ketgan mevasidan yeb, kattaonam ruhi-pokiga duo qilsin, savobi tegsin, deb bu yerni bog‘ qildik.

E’tibor bilan o‘qigan bo‘lsangiz, ularning gaplarida bir-birini inkor qiladigan holatlar mavjud: D.Abdurahmonova bu uy-joyda o‘g‘lim Alisher va qaynonam Xolbuvi aya hisobda turgan, desa, I.Karimberdiyev ular umuman boshqa joyda yashagan dedi. B.Karimberdiyev esa dastlab kattaonasining bu yerda Tilovning haqi yo‘qligini aytib, so‘ng D.Abdurahmonovaning uy-joyni buzib ketishiga qarshi bo‘lmaganini bildirdi.

Keling, endi holat bilan bog‘liq hujjatlarni ko‘zdan     kechiraylik.

Qo‘limizda viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi Kattaqo‘rg‘on shahar davlat arxivi taqdim etgan Ishtixon tumani "Chimqo‘rg‘on" qishloq soveti Bahrin qishlog‘ining 1967-1970 yillardagi xo‘jalik kitobidan ko‘chirma. Unda yozilishicha, aka-uka Quvondiq va Tilov Hojiyevga alohida, har biriga 12 sotixdan bo‘lgan yer maydoniga ega uy-joy ajratilgan hamda ular alohida xo‘jalik sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq hujjatlarda uy-joy qishloqning aynan qayerida joylashgani aniq yozilmagan. Xo‘jalik uy daftarining 1986-1990 yillardagi ko‘chirmasini ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda Xolbuvi Pardayeva hamda Alisher Tilovovning 12 sotix yer maydoniga ega uy-joyda ro‘yxatda turganligiga guvoh bo‘ldik. Ammo u uy-joy qayerda? Dilorom Abdurahmonova bugungi kunda bog‘ o‘rni o‘sha uy-joy ekanligini aytsa, Ismatulla Karimberdiyev "Bu hovli-joy 12 sotix, qaynotam Quvondiq Hojiyevga tegishli yer maydoni bo‘lgan, hozir meniki", deydi. Mavjud yer maydonini o‘lchash zarurligini aytganimizda I.Karimberdiyev bunga qarshilik qildi: "Bu uy-joy, yer maydoni, bog‘ - mening shaxsiy mulkim. Uni faqat sud idoralaridan ruxsat berilsagina o‘lchashga ruxsat beraman".

Xo‘p, bu borada I.Karimberdiyev qonunan haq. Ammo hujjatlar bilan tanishar ekanmiz, qator chalkashliklar borligiga amin bo‘ldik. Mazkur yer maydoni, ya’ni I.Karimberdiyev egaligidagi uy-joy bir hujjatda tomorqasi bilan 12 sotix, birida 15 sotix deb ko‘rsatilgan. Xo‘sh, qaysi biri to‘g‘ri? Yana ham qizig‘i, Ishtixon tuman davlat soliq inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, I.Karimberdiyev tuman DSIdan mahalliy yer va mol-mulk soliqlari to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, 2006 yildan 2008 yilgacha 0,12 gektar yer maydoni uchun, 2009 yildan 2014 yilgacha 0,15 gektar yer maydoni uchun, 2014 yildan buyon 2018 yilgacha 0,08 gektar yer maydoni uchun hisoblangan soliqlarni to‘lagan. Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Ishtixon tuman filiali boshlig‘i Husniddin Astonovga ko‘tarilgan muammo yuzasidan murojaat qilganimizda bulardan ham farqli ma’lumotni aytib o‘tdi.

- Bahrin qishlog‘idagi uy-joy masalasida fuqaro D.Abdurahmonova bizga ham murojaat qilgan, - deydi H.Astonov. - Ammo onaxon talab qilayotgan yer maydonida uy-joy yoki egalik huquqini berishni ta’minlaydigan biror imorat yo‘q. Shu jihatdan biz u kishiga egalik qiluvchi hujjatlarni tayyorlab bera olmaymiz. Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 avgustdagi 251-sonli qarori bilan 2017-2018 yillarda tumandagi barcha uy-joy va yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazildi. Jumladan, bu jarayonda nizoli ushbu uy-joy va yer maydoni Ismatulla Karimberdiyevga tegishli ekani aniqlandi. Biroq o‘lchab ko‘rilganda bu uy-joy va yer maydoni qator hujjatlarda yozib kelinganidek 12 yo 15 sotix emas, 27 sotix ekanligi ma’lum bo‘ldi. Biz bu haqda tegishli idoralar, xususan, tuman davlat soliq inspeksiyasiga ma’lumot taqdim qilganmiz. Yana bir gap. Fuqarolik kodeksining 187-moddasiga ko‘ra, mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi. Mahalla fuqarolar yig‘ini taqdim etgan hujjatga ko‘ra, I.Karimberdiyev ushbu uy-joyga 1989 yildan buyon egalik qilib kelmoqda. Bu - ushbu uy-joy I.Karimberdiyevga tegishli ekanini ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi "Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida"gi farmoniga asoslanib, I.Karimberdiyev taqdim etgan ariza va zarur hujjatlar asosida tuman hokimi 2019 yil 19 yanvarda unga qarashli turar-joy binolariga bo‘lgan mulkiy huquqni beruvchi qaror qabul qilgan.

Xullas, salkam yarim asrlik tarixga muhrlangan muammoli masalada shu kabi bir-birini inkor qiluvchi iddaolar va hujjatlar mavjud. Bu esa ishning sud orqali ko‘rilib, adolatli qaror topishini bildiradi.

Darvoqe, bizni sakson yoshni qoralab qolgan D.Abdurahmonovaning nega shu ulug‘ yoshida uy-joy masalasida tashvishga tushib qolgani o‘ylantirib qo‘ydi. Axir, onaxon bugungi kunda Xalqobod mahallasida farzandlari va nevaralari bilan yashayapti-ku. Unga bu "yugur-yugur", tashvishlar kerakmidi?

- Afsuski, kerak ekan, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Yavqocheva. - Biz hududimizdagi xotin-qizlar hayoti, yutuqlari, tajribasi, muammosi va takliflarini doim o‘rganib boramiz. Shunday o‘rganishlarimiz davomida onaxon bilan ham suhbatlashdik. Suhbat davomida Dilorom opa hozirda kooperativ uylarda yashayotgani, bu uy o‘gay otasi Abdurahmon Sattorovga tegishli ekanini aytgandi. Xonadoniga borib ahvoli bilan yaqindan tanishdik. Ayni paytda D.Abdurahmonova bu uyda o‘g‘li Alisher Tilovov va to‘rt nafar nevarasi bilan yashaydi. Muammo shundaki, o‘tgan yili ukalari - H.Haydarov, B.Sattorov, O‘.Abdurahmonov ushbu uyda ulushlari borligi, bu ulushni taqsimlamasa, sudga berishlarini aytishgan. Ayni kunda bu muammo D.Abdurahmonova, o‘g‘li va nevaralarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan. Ammo tuman hokimligi bu masalaga e’tiborsiz qarab turmadi. Tuman hokimi qarori bilan D.Abdurahmonovaning nevarasi Sherzod Jabborovga uy-joy qurish uchun Xalqobod mahallasi hududidan 6 sotix yer maydoni ajratildi.

Bu yaxshi. Ammo Sh.Jabborov D.Abdurahmonovaning qizining o‘g‘li. Bu masalaga yechim bo‘la olmaydi. Binobarin murojaat ortida inson taqdiri yotar ekan, hokimlik, sud idoralari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi D.Abdurahmonova muammosiga befarq bo‘lmasliklari lozim, deb o‘ylaymiz. Qolaversa, yuqorida ko‘tarilgan masala sud idoralari tomonidan odilona ko‘rilsa, uy-joydan ulush talab qilishda odamgarchilik, opa-ukalik, qarindoshlik, mahalladoshlik nuqtai nazaridan oqilona ish tutilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Akram HAYDAROV,

Zarnews.uz muxbiri.