“Uy-joy bilan bog‘liq yarim asrlik muammo qachon barham topadi?” sarlavhali maqolaga Oliy sud munosabat bildirdi
“Zarnews.uz” saytida e’lon qilingan “Uy-joy bilan bog‘liq yarim asrlik muammo qachon barham topadi?” sarlavhali maqola Oliy sudda o‘rganib chiqildi, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Olimjon O‘sarov.
Unga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining ish yurituviga Ishtixon tumani, Xalqobod mahallasi, Murod Jo‘rayev ko‘chasi 11-uyda yashovchi Dilorom Abdurahmonovaning uy-joyni yoxud yer maydonini qaytarib olib berish bilan bog‘liq bo‘lgan da’vo arizasi 2019 yil 29 iyul kuniga qadar kelib tushmagan. Shuningdek, D.Abdurahmonovaning ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa fuqarolik ishi ham ko‘rilmagan.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, D.Abdurahmonovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi ishonch telefoni orqali yo‘llagan murojaatlari hamda Ishtixon tuman IIB tomonidan kelib tushgan arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudi tomonidan o‘rganib chiqilgan hamda D.Abdurahmonovaga tegishli tartibda sudga da’vo ariza bilan murojaat qilishi haqida tushuntirish berilgan. Negaki, D.Abdurahmonovaning arizalari O‘zbekiston Respublikasi FPKning 189-moddasi 6-bandida nazarda tutilgan, ya’ni da’vogar o‘z talabiga asos qilib ko‘rsatayotgan holatlar va da’vogar tomonidan bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi dalillar hamda 191-moddasida ko‘rsatilgan talablar asosida berilmaganligi aniqlangan.
Shu sababli D.Abdurahmonovaga yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etib, tegishli tartibda sudga da’vo ariza bilan murojaat qilish huquqi tushuntirilganligi ma’lum qilinadi.